Matbuot xabarlariga ko’ra, Xitoy turk dunyosining ulug’ mutaffakkiri Mahmud Qoshg’ariyga qo’yilgan yodgorlikni olib tashlagan.
Qashg’ar yaqinidagi bu yodgorlik Mahmud Qoshg’ariy yashab o’tgan deb ko’riladigan O’pol tumanida 90-yillarda o’rnatilgan. So’nggi yillarda Xitoyda mahalliy uyg’urlarga nisbatan kuchaygan tazyiq siyosati ortidan haykal olib tashlangani qayd qilinmoqda.
“Erkin Osiyo” radiosining aniqlashicha, turk allomasining haykali shu yilning noyabr oyi oxirida olib tashlangan. Hozircha Xitoy hukumati bu borada biror izoh bermagan.
Turk tiliga doir ilk lug’at muallifi, “Devoni lug’atit turk” (Turkcha so’zlar lug’ati) asarini yaratgan Mahmud Qoshg’ariy barcha turk xalqlari uchun qadrli alloma hisoblanadi. Bugun barcha turk davlatlarida, jumladan, O’zbekistonda ham Mahmud Qoshg’ariy nomi bilan atalgan o’quv yurtlari, madaniyat-ma’naviy markazlarini uchratish mumkin.
O’n birinchi asrda yashab o’tgan alloma xotirasiga qo’yilgan haykalning biror izohsiz olib tashlangani turk dunyosi ziyolilarida, ayniqsa, ilmiy jamoatchilikda keskin norozilik qo’zg’amoqda.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabek Mahmud Qoshg’ariy nafaqat turk dunyosida, balki jahon miqyosida ham tilshunoslik ilmiga muhim hissa qo’shgan olim sifatida e’tirof qilinishini ta’kidlaydi.
“Agar shunday bo’lsa, demak Xitoyning bu harakatini butin turk dunyosiga, turk xalqlari madaniyati, ma’naviyatiga berilgan jiddiy zarba sifatida qabul qilish kerak. Chunki Mahmud Qoshg’ariyning tilshunoslik ilmiga, shuningdek, turk xalqlari madaniyati, ma’naviyati rivojiga ham qo’shgan hissasi beqiyosdir. Mahmud Qoshg’ariy Sharqiy Turkistonda yashagan, ammo u nafaqat uyg’urlarning, balki butun turk dunyosining ulug’ allomalaridan biridir. Turk davlatlari, ziyolilari, xalqaro ilmiy jamoatchilik bu narsaga jim qarab turmasligi kerak. Umid qilamanki, xalqaro ilmiy jamoatchilik ham bu holatni keskin qoralaydi. Bilmadim, Xitoy bu bilan nimaga erishmoqchi, Mahmud Qoshg’ariy allaqachon turk xalqlari tarixida o’z o’rnini egallab bo’lgan mutafakkir, uning nomini shunchaki o’chirish mumkin emas”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Xitoydagi bosimlar tufayli Sharqiy Turkistonni tark etishga majbur bo’lgan, ayni paytda Turkiyada yashayotgan uyg’ur faollardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoy hukumati tazyiqlarning yangi to’lqinini rejalashtirmoqda; nishonni uyg’urlarning tarixi, madaniyatini dunyoga namoyon qilib turgan yodgorliklarga qaratmoqda.
“Olib tashlangan yodgorlik Qashg’ardan uncha uzoq bo’lmagan, Mahmud Qoshg’ariy yashab o’tgan deb ko’rilayotgan tumanda o’rnatilgan edi. Men bu haykalni 2005-2006-yillarda borib ko’rgan edim. Xitoy hukumati nafaqat bu yodgorlikni, balki uyg’urlarning madaniy o’ziga xosligi, tarixini eslatib turuvchi boshqa obidalarni ham yo’q qilish qarorida turibdi. Uyg’urlar mahkum vaziyatni, ular boshiga tushayotgan tahdidlarni boshqa turk davlatlari, aksariyat dunyo sukutda kuzatishda davom etar ekan, shunday bo’ladi ham. Xitoyning maqsadi butun millatni dinidan, o’zligidan ayirishga qaratilgan”, - deydi ayni paytda Turkiyada qochqinlikda yashayotgan uyg’ur faoli.
Xitoy hukumati tomonidan Shinjon muxtor o’lkasi sifatida taqdim etiladigan Sharqiy Turkistonda millionlab uyg’urlar yashaydi. O’tgan asrning 50-yillarida sovetlar hokimiyati bilan imzolangan kelishuvga muvofiq Xitoy tasarrufiga o’tgan bu o’lka tarixan mustaqil, Markaziy Osiyo, Turkistonning uzviy bo’lagi bo’lib kelgan.
Sovetlar hokimiyati qulab, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikni qo’lga kiritar ekan, Sharqiy Turkistonda ham ozodlikka intilish harakatlari kuchaydi. Buning ortidan Xitoy hukumatining uyg’urlarga nisbatan bosimi muntazam, izchil ravishda kuchayib bordi.
Sharqiy Turkistonning mahalliy aholisi uyg’urlarga nisbatan tahdid va bosimlar jiddiy kuchaygan oxirgi paytga kelib, BMT miqyosida jiddiy xavotirlar uyg’ota boshladi.
Ayniqsa, xalqaro huquq tashkilotlarining Sharqiy Turkistonda uyg’urlar va musulmon bo’lgan boshqa milliy ozchilik uchun maxsus lagerlar tashkil qilingani, unda yuz minglab uyg’urlar saqlanayotgani haqidagi tadqiqotlari ochiqlanar ekan, G’arbda Xitoyga nisbatan tanqidlar kuchaydi.
AQSh hukumati Xitoyni uyg’urlarga nisbatan genotsid siyosatini yuritishda ayblab chiqdi, Xitoy hukumatiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan.
Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilib, uyg’urlar haq-huquqlari ta’minlanishini talab etayotgan xalqaro jamoatchilik hozircha, asosan, AQSh va Yevropadagi sanoqli davlatlardan iborat bo’lib qolmoqda.
Sharqiy Turkistonning eng yaqin qo’shnisi Markaziy Osiyo, turk davlatlaridan tashkil topgan Turk kengashi ham uyg’urlar masalasida sukut saqlab keladi.