AQSh maktablarida robotlar o'qituvchilarga yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Pandemiya davrida ba’zi maktablar gibrid modelga o’tdi. Ya’ni, o’quvchilarning bir qismi maktabga bordi, boshqalari internet orqali uyda ta’lim oldi. Bunday sharoitda o’qituvchi va o’quvchilarni bir-biriga bog’lovchi maxsus robotlardan foydalanilmoqda.

2020-yil yuqori sinf o’quvchisi Sofia Jensen uchun g’alati kechdi.

“Maktabning oxirgi yili, odam maza qiladigan davrlar edi, lekin bunday kechgani juda g’alati. Hamma narsa ostin-ustun bo’lib ketdi”, - deydi u.

Jensenning maktabi boshqa ko’plab o’quv dargohlari kabi gibrid usulda ta’lim bermoqda: bir guruh o’quvchilar maktabga keladi, qolganlari uyda. O’qituvchi va talabalarga “Svivl” deb atalgan robot yordam bermoqda.

“Sinfxonada doim mikrofon va kamera ko’tarib yuradigan o’quvchingiz bor, deb tasavvur qiling. “Svivl” xuddi shu ishni qiladi”, - deydi ta’lim bo’yicha rasmiy Dijey Klovis.

Robotga har qanday mobil moslamani ulash mumkin. Uning sensori bo’lib, o’qituvchi taqib olgan mikrofon harakatiga qarab burila oladi.

“Svivl” roboti sinfda o’qituvchiga ergashadi va kamerani ularga qaratadi”, - deydi kompaniya asoschisi Vlad Tetelbaum.

“Robot yordamida o’qituvchilar endi sinfxonada bemalol yurib dars o’tishlari mumkin”, - deydi Klovis.

O’qituvchi “Svivl” orqali istalgan videoaloqa ilovasini ishlatishi mumkin. Oddiy kompyuter orqali dars o’tishdan ko’ra ancha qulay, deydi o’qituvchi Sara Makguayr.

“Uydagi o’quvchilar sinfdagi boshqa o’quvchilarni ko’rishi mumkin”, - deydi u.

Jensenga ko’ra, texnikani tushunadigan o’qituvchilar uchun “Svivl” bilan ishlash muammo emas.

“Svivl” o’qituvchining orqasidan yurmaydi, balki ularga qarab turadi. Ba’zan, o’qituvchilar tushunmasdan yurib ketsa, qaytib kelishlariga to’g’ri keladi. Lekin to’g’ri ishlatilsa, oz bo’lsa ham haqiqiy sinfning hissiyotini beradi”, - deydi u

O’qituvchilarning aytishicha, hamma maktabga qaytgandan keyin ham “Svivl” kasalligi tufayli o’qishga kela olmagan o’quvchilarga yordamchi bo’lishi mumkin.