Amerikaning ilk "ikkinchi janobi" Dag Emxoff kim?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Kamala Harris nafaqat birinchi ayol vitse-prezident, balki kelib chiqishi asli Janubiy Osiyo va Afrikadan bo’lgan ilk vitse-prezident sifatida ham tarixga kirdi. Uning turmush o’rtog’i Dag Emxoff esa Amerikaning ilk “ikkinchi janobi” bo’ldi.

Vitse-prezident Kamala Harrisning turmush o’rtog’i Dag Emxoff Oq uyda “ikkinchi janob” maqomini olgan dastlabki inson bo’ldi.

Harris vitse-prezident sifatida qasamyod qilar ekan, turmush o’rtog’i Emxoff uning yonida turdi.

DePau universiteti yordamchi professori Sara Roulining aytishicha, bu voqea gender tengligi sari tashlangan katta qadam. Ammo qiladigan ishlar hali ko’p, deydi u.

“Bunaqasi ilk marta yuz berayotganini hisobga olsak, hali yana ancha olg’a yurishimiz kerakligini ko’rsatadi. Ilk prezidentlik saylovidan 232 yil, Konstitutsiyadagi 19-tuzatishdan 100 yil hamda ayol kishi ilk bor vitse-prezidentlik saylovida nomzod bo’lganidan 36 yil o’tib birinchi marta jinslar o’zgarganiga guvoh bo’lyapmiz”, - deydi u.

Emxoff tarixda Oq uy uchun yirik partiya nomzodining turmush o’rtog’i bo’lgan to’rtinchi erkak.

Bundan avval 1984, 2008 va 2016-yillarda prezident yoki vitse-prezident uchun nomzodlar ayollar bo’lgan.

Emxoff shu paytgacha mavjud stereotiplarga butunlay teskari, deydi Nyu-Xeyvan universiteti tadqiqotchisi Metyu Shmidt.

“Emxoff Vashingtonga ko'chgani bois ishini tark etyapti. U nasroniy emas, yahudiy. Vitse-prezident uning ikkinchi turmushi. Avvalgi oilasidan ham farzandlari bor. Ham irqiy, ham diniy tomondan rang-barang oila. Endi bu oiladan “momala” degan vitse-prezident chiqdi”, - deydi u.

“Momala” - Kamala Harrisning taxallusi. O’gay farzandlari uni shunday deb chaqiradi: ingliz tilidagi ona va Kamala so’zlaridan tashkil topgan.

Jo Bayden prezidentlik saylovi g’olibi deb e’lon qilingan kuni “Hayotim muhabbatini ko’ring”, degan izoh ostida Harris turmush o’rtog’i bilan tushgan suratini “Twitter”ga qo’ydi.

“Emxoff oiladagi o’rniga sodiq. U saylov kampaniyasi paytidagi ko’rinishlarida Kamala Harrisga bo’lgan muhabbatini namoyish qildi. O’zining ota va er sifatidagi vazifasiga urg’u berdi”, - deydi Sara Rouli.

Harris va Emxoff 2013-yil tanishgan va bir yil o’tib turmush qurishgan. Bu Harris uchun birinchi, Emxoff uchun ikkinchi oila. 56 yoshli Emxoff “ikkinchi janob” sifatida qanday mavzularni ko’tarishi hozircha ma’lum emas.

U huquqshunoslik firmasidagi ishini tark etib, shu oy dars berish uchun Jorj Vashington universiteti Huquq markaziga qo’shilmoqda.