AQSh global matbuot erkinligi uchun kurashmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilari global masshtabda matbuot erkinligi va jurnalistlarni himoya qilishga qaratilgan ikki qonun loyihasini taqdim etdi.

Global matbuot erkinligi to’g’risidagi qonun loyihasini senatorlardan demokrat Brayn Shatz va respublikachi Todd Yang tayyorlagan. Loyiha AQShning matbuot erkinligi bo’yicha elchilik qilishi, xorijiy xizmat vakillarini OAV mustaqilligi va jurnalistlar xavfsizligini ta’minlashni targ’ib qilish bo’yicha maxsus treninglardan o’tkazishni nazarda tutadi.

Shuningdek, matbuot erkinligiga qarshilik ko’rsatganlarni javobgarlikka tortish bo’yicha marhum jurnalist Jamol Qoshiqchi nomi berilgan qonun loyihasini demokratlardan senator Eymi Klobushar va kongressmen Adam Shiff taqdim etdi.

“Yangi qonun loyihasi bizning mamlakat ichkarisida va xorijda ozod matbuotni himoya qilish pozitsiyasidagi qat’iyatimizni ifoda etadi. Davlat departamentiga jahon sahnasida bu boradagi muammolarni diplomatik yo’l bilan hal etish vazifasini yuklaydi”, - deydi Senatning Xalqaro aloqalar qo’mitasiga yaqinda qo’shilgan Shatz.

Qonun loyihasi matbuot erkinligi himoyachilari va faollar tomonidan olqishlanmoqda.

“Matbuot bo’g’ilsa, korrupsiya, zo’ravonlik, tengsizlik va davlat vakolatini suiiste’mol qilish kabi muammolar oshkor bo’lmaydi. Ushbu qonun loyihasi AQSh hukumatiga rasmiylarning jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash va muammoli hududlarda matbuot erkinligi targ’iboti bilan shug’ullanishini tartibga solishda qo’shimcha resurs bo’ladi”, - deydi “Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti rahbari Kristof Deluar.

“Ozodlik uyi” vakili Enni Boyajianning ta’kidlashicha, tashkilot Global matbuot erkinligi to’g’risidagi qonun loyihasini qo’llab-quvvatlaydi.

“Matbuot erkinligi bo’yicha maxsus elchining tayinlanishi mavjud muammolarga doir shaffoflikni ta’minlaydi. Davlat departamentining shu sohadagi faoliyatida mayoq vazifasini o’taydi”, - deydi u.

AQSh Kongressi 10 yil avval shunga o’xshash qonunni qabul qilgan. 2002-yilda Pokistonda qatl etilgan “Wall Street Journal” muxbiri Deniel Pyorl nomi berilgan Matbuot erkinligi to’g’risidagi qonun Davlat departamentining yillik hisobotiga shu sohadagi global muammolarni kiritishni yuklagan edi.

AQShning tashqi siyosati bo’yicha ilk nutqida Prezident Jo Bayden ozod matbuotni demokratiyani mustahkam saqlab turuvchi vosita sifatida e’tirof etdi.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining 2020-yil yakuni bo’yicha e’lon qilgan matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat ichida AQSh 45-o’rinni egallagan.