Afg'onistonda "Islomiy davlat" o'z kuchlarini tiklamoqda

  • Amerika Ovozi

"Xuroson islomiy davlati" Kobul universitetiga uyushtirgan hujum ortidan jurnalistlar suratga olmoqda. 3-noyabr, 2020.

“Islomiy davlat”ning Afg’oniston hududidagi guruhi 2020-yilda zaiflashgan edi. AQSh va Afg’oniston qurolli kuchlarining hujumi, Tolibon tomonidan uyushtirilgan bosimlar oqibatida guruh jangarilarining yarmi yo’q qilingan edi.

Biroq AQSh qo’mondonlari va razvedkachilari bergan so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, “Islomiy davlat” guruhi o’z safini tiklab ulgurgan. Hujumlarni boshlashga shay holda turibdi.

Bir yil avval AQSh rasmiylari “Islomiy davlat”ning Xuroson guruhi Nangarhor va Kunar viloyatlarida bir necha bor mag’lub etilgani, jangarilar safi teng yarmiga qisqarganiga doir bayonot bergan edi. Guruhning ayni damda qayta kuch to’playotgani Afg’oniston zaminidagi vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.

AQSh razvedkasiga ko’ra, muhim hududlarni boy bergan guruh tarkibida kamida mingga yaqin jangari bor. Hozircha guruh tomonidan qon to’kilishi qayd etilgan hujumlar kuzatilmayapti.

Xuroson guruhining avvalgiday hududlarni egallab olishi ehtimoli bahs-munozaralarga sabab bo’lmoqda. Guruh hujumlarni to’xtatgan bo’lsa-da, asosiy e’tiborni o’zini tiklab olishga qaratgan.

“Guruh muntazam ravishda o’smoqda. Kobul va boshqa shaharlarda hujumlar uyushtirishga yaqin turibdi”. Bu haqda “Amerika Ovozi”ga shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan AQSh rasmiysi ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, guruh xorijiy mamlakatlarda ham hujumlarni amalga oshirish payida. Xuroson guruhi “Islomiy davlat”ning Iroq va Suriyadagi yetakchilari bilan hamkorlik qiladi.

BMT yaqinda taqdim etgan hisobotga ko’ra, Xuroson guruhi katta hududlarni boy bergan bo’lsa-da, to’liq yo’q qilinmagan. Jangarilar Kunar viloyatining Manogay hamda Nangarhor viloyatining Achin hududlarida kuch to’plamoqda.

Hisobotda keltirilishicha, Afg’onistonning turli hududlari, xususan, Kobulda ham “Xuroson islomiy davlati” jangarilarining yashirin boshpanalari bor. Guruh lideri Shahob al-Muhojir ham poytaxtda bo’lishi mumkin.

AQSh razvedkasiga ko’ra, “Xuroson islomiy davlati” tarkibida 1000 dan 2500 nafargacha jangari bo’lishi mumkin. Bir yil avval guruh safida 5000 jangari bor edi.