Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an Iroq shimolida kurd jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlar kengaytirilishini e’lon qildi. Bu haqda u kurd isyonchilari askar, politsiyachi va tinch aholi vakillaridan iborat 13 kishini o’ldirgani aniqlanishi ortidan ma’lum qildi.
“Adolat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlari huzurida gapirgan Erdog’anning aytishicha, bu qotilliklar Iroq shimolidagi chegara hududlarida xavfsiz zona yaratish bo’yicha Turkiya qarorini yanada mustahkamlaydi.
“Bunday hujumlarga qayta yo’liqmasligimiz uchun, biz xavfsiz holatga keltirgan bu hududlarda qancha kerak bo’lsa, shuncha turamiz”, - dedi u.
13 qurbonning jasadlari Turkiya chegarasi yaqinidagi Gara hududidan topilgan. O’g’irlab ketilgan bu fuqarolarni topish maqsadida 10-fevral kuni mintaqada amaliyot boshlangan edi.
Rasmiylarning aytishicha, qurbonlarning 12 tasi boshidan otilgan, bittasi yelkasidan olgan jarohat tufayli o’lgan.
Qurbonlar Turkiya hududidan 2015 va 2016-yillar o’g’irlab ketilgani aytiladi.
So’nggi yillarda kurd isyonchilariga qarshi kurashish maqsadida Turkiya Iroq hududida bir necha marta harbiy amaliyotlar o’tkazgan.
Anqara mamlakatni terrorchilardan himoya qilish uchun Suriya va Iroqning chegara hududlarida xavfsiz zonalar yaratishni talab qilib keladi.
AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi guruh deb e’lon qilingan Kurdiston ishchilar partiyasi 1984-yildan beri Turkiyada o’n minglab odamning o’limiga sabab bo’lgani aytiladi.