Xitoy harbiy dengiz flotini kengaytirib, mustahkamlab, miqdoran AQShni ortda qoldirmoqda. Dengiz hududlarida yirik kuchga aylangan Xitoy Osiyo mamlakatlari bilan yuzaga kelayotgan bahslarda ustunlikka ega bo’lmoqda.
AQSh Mudofaa vazirligi 2020-yilning sentabrida Kongressga taqdim etgan hisobotda Xitoy harbiy dengiz floti kuchlar soni bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda ekaniga urg’u berilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, “Xitoy floti tobora zamonaviy va turli vaziyatlarga moslashuvchan kuchga aylanib bormoqda”.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi ekspertlarining izohlashicha, Xitoy floti to’g’ridan-to’g’ri janglarga kirishmasa-da, Pekin Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarda hamisha o’z shartini qo’yishga, o’z manfaatlarining ustun bo’lishiga erishmoqda.
“Darhaqiqat, qudratli dengiz flotiga egalik diplomatik munosabatlarda ham qo’l keladi. Men istagan narsani bersang, menga yana nima kerakligi haqida o’ylab ko’raman, deyishing mumkin”, - deydi Avstraliya Strategik siyosat instituti tahlilchisi Malkolm Devis.
Osiyoning besh mamlakati Pekinning resurslarga boy Janubiy Xitoy dengizidagi ekspansiyasini tanqid qilmoqda. Nizolarning oldini olish maqsadida Pekindan sarhadlarni aniqlashtirib olishga doir bitim imzolashni talab qilmoqda. Pekin Sharqiy Xitoy dengizida Yaponiya va Tayvan bilan tortishib keladi. Tayvan ustidan to’liq nazorat o’rnatishni istaydi.
Xitoy harbiy dengiz floti AQSh Mudofaa vazirligining hisobotida qayd etilishicha, qudratli kemasozlik va modernizatsiya dasturi asosida rivojlandi. Flot ayni damda zamonaviy qurollangan suvosti kemalari, harbiy jangovar va qiruvchi samolyotlarni tashiydigan kemalarga ega.
Britaniyaning Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, 2012-yilda Xitoy floti 512 ta harbiy kemaga ega bo’lgan. “Globalfirepower.com” saytining ma’lum qilishicha, ayni damda ularning soni 777 taga yetgan. AQSh flotida esa 490 ta harbiy kema bor.