Tinchlik korpusi 60 yoshga to'ldi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Prezidenti Jon Kennedi do’stlik va tinchlikni targ’ib qilish maqsadida xalqaro ko’ngillilar tashkiloti – Tinchlik korpusini tashkil qilish haqidagi farmonni imzolaganiga 60 yil to’ldi.

Dastur asosida minglab yosh amerikaliklar turli mamlakatlarda fuqarolarga xizmat ko’rsatdi, ayni paytda ulardan yangi narsalar o’rgandi.

“Ajoyib tomoni shundaki, Tinchlik korpusi a’zolari xizmatlari uchun maosh olmaydi. Ular xorijga borib, o’sha yerdagi odamlar bilan bir xil sharoitda yashaydi. Dunyo miqyosida odamlarni birlashtiruvchi aloqalarni mustahkamlash va tinchlik yo’lida ular umrlarining 2-3 yilini baxshida qiladi”, - degan edi prezident Kennedi.

O’sha paytlar ba’zilar uchun bu balandparvoz gapdek tuyulgan. Oradan 60 yil o’tib, dastur hanuz amalda.

“Ajoyib g’oya bo’lgan. Ko’ngillilar va mezbon mamlakatlarning qattiq mehnati tufayli uzoq muddatli strategiya, ya’ni tinchlik va do’stlikni targ’ib etish muvaffaqiyatli amalga oshdi”, - deydi Jon Kennedi kutubxonasi va muzeyi rahbari Alan Prays.

60 yil ichida 241 ming ko’ngilli 140 dan ortiq davlatda xizmat ko’rsatdi, deydi Tinchlik korpusi rahbari vazifasini bajaruvchi Karol Span.

“Tinchlik korpusi ko’ngillilarining yoshi 20 dan 85 gacha. Aksariyati 20 va 30 orasida. Malavidagi ofisga rahbarlik qilganimda, eng keksa ko’ngillilarimizdan biri, 82 yoshli ayol juda ajoyib xizmat ko’rsatgan edi”, - deydi Span.

Span ko’ngilli sifatida Ruminiyaga borganda 26 yoshda edi. Mamlakatda kommunizm qulaganiga endi uch yil bo’lgan edi. Hayotimni o’zgartiradigan darajada tajriba orttirdim, deya xotirlaydi u.

“Tinchlik korpusi orqali borganingizda, dastlab, sizda o’zingizga xos dunyoqarash va kutilmalar bo’ladi. Sizdan farqli odamlar bilan yashab, ishlaganingizdan keyin savollar tug’ila boshlaydi va nega bu yerlarda narsalar bizdan farqli ekanini yoki nega odamlarda qadriyat, tarix har-xil ekanini o’rganasiz”, - deydi tashkilot rahbari.

Dveyn Metyus 2013-2015-yillar Malavida xizmat qilgan. Hozir u Uy-joy va shaharsozlik departamentida ishlaydi hamda Govard universitetida doktorlik ishini yoqlamoqda. Arkanzaslik bu yigit ilgari hech xorijga safar qilmagan edi.

“Malaviga borganimda kuchli madaniy shokka tushganman. Birinchi hafta juda qiyin kechgan. Lekin ketayotganimda ko’zimga yosh kelgan, chunki o’rganib qolgan edim. Tinchlik korpusiga qo’shilish yoshligimda men qabul qilgan eng yaxshi qaror bo’lgan”, - deydi u.

Metyus Malavida sog’liqni saqlash tizimida maslahatchi bo’lib ishladi. U 7000 dollar mablag’ yig’ib, yoshlar markazi qurilishiga yordam berdi. Loyihaga mahalliy aholi ham qo’shildi, deya eslaydi u.

“Bizga kerakli narsalarning 30 foizini mahalliy jamoa berdi. Yerni, ba’zi mehnat, g’isht va toshlarni ulardan oldik. Mahalliy aholi yordam bergani uchun hatto pul ortib qoldi. Shunda bildikki, bu markaz o’zini eplay oladi, chunki aholi shuni xohlayotgan edi”, - deydi Metyus.

Kris Destish 2018-2020-yillar Gvatemalada xizmat qildi. Hozir u Tinchlik korpusiga ko’ngillilarni jalb qilish bilan band.

“Mayyalarning kichik jamiyatida yashadim. Jamoada 2000 tacha odam bor edi. Uch avloddan iborat mahalliy Mayya oilasida istiqomat qildim. Tartibsiz hayot, lekin juda mehribon odamlar edi”, - deydi u.

Kris Gvatemalada Qishloq xo’jaligi vazirligi bilan hamkorlik qildi.

“Mahalliy dehqonlar malakasini oshirish maqsadida treninglar o’tkazdik. Maqsad hosildorlikni oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, ochlik va to’yib ovqatlanmaslikka qarshi kurash edi”, - deydi u.

Bu yoshlar nafaqat xorijliklarga yordam berganini, balki ulardan ko’p narsa o’rganganini ham aytadi. Tinchlik korpusisiz biz bunga erisha olmas edik, deydi ular.