AQShda narkotik qurbonlari ortmoqda

  • Amerika Ovozi

Og'riqni qoldiruvchi fentanil ukollari. Kentukki shtati, 1-iyun, 2018.

Fentanil kuchli sun’iy giyohvand modda. AQShda minglab odamning umriga zomin bo’layotgan fentanil hamyonbop, biroq geroin va morfindan ancha kuchli. Pandemiya davrining asabiy hayoti giyohvand moddalar bilan bog’liq o’limlar sonini oshirgan. Fentanilni og’riq qoldiradigan dori sifatida qabul qilgan qurbonlar ham talaygina.

Your browser doesn’t support HTML5

Fentanil - taqdirlarni izmiga bo'ysundirgan og'u

“Erimdan ayrildim, ko’nikib yashash qiyin kechmoqda”, - deydi suhbatdoshimiz.

Ortiqcha dozada qabul qilingan fentanil Viktoriya Arnoldni eridan ayirdi.

Umurtqa operatsiyasidan so’ng eri og’riqni yengish uchun tavsiya etilgan dori va opioidlardan foydalanar edi.

“U oddiy tabletka ichdim deb o’ylagan. Fentanil qabul qilganini bilmagan”, - deydi Viktoriya.

Sun’iy giyohvandlik moddasi sanaladigan fentanil morfindan yuz marta kuchli. Amerikada minglab odamning umriga zomin bo’lmoqda.

Bir necha tuz donasiga teng kichik hajmda qabul qilingan fentanil insonni o’ldirishi mumkin. Narkobiznes guruhlari uni geroin va metamfetamin bilan aralashtirgan holda mo’may foyda ko’radi.

“Fentanil insonni o’ziga qaram qilib oladi. Arzon, biroq juda kuchli. Dozani oshirib halok bo’lganlar soni ortib bormoqda”, - deydi mutaxassis Jerod Forget.

2019-yilning iyulidan 2020-yilning iyuliga qadar AQShda 86 mingdan ziyod odam narkotik moddalar qurboniga aylangan. O’limlar soni 24,2 foizga o’sgan. O’tgan yilda poytaxt Vashingtonda o’limlarning 60 foizga o’sgani qayd etilgan.

Psixiatr doktor Nora Volkov global pandemiya vaziyatni og’irlashtirganini aytadi.

“Stress narkotik moddani qabul qilishga undaydigan kuchli omil. Biz izolyatsiyada yashayotgan hayotdan, ishsizlik va iqtisodiy inqirozdan asablar tarang tortgan. Odamlar stressdan qutulish yo’llarini izlab qolgan”, - deydi u.

Narkotik moddalar 2015-yilda Korri Kuzimanoning o’g’lini ham hayotdan olib ketdi. Ayni damda u hamdardlar guruhini boshqaradi. Opioid changalidan xalos qiladigan dori-darmonlar qimmat, muolaja xarajatini qoplash oson emas, deydi u.

“Reabilitatsiya qimmatga tushadi. 30 kunlik statsionar muolajaga 6 mingdan 14 ming dollargacha pul kerak. Biroq xushyor hayotga qaytgach, tushkunlikdan qutulish qiyin kechadi”, - deydi Korri.

Pandemiya sharoitida giyohvand moddalarga qaram shaxslar, ayniqsa, kam daromadli bemorlarning yordam olishi qiyinlashgan.

“Ayni damda tibbiy xizmatlarga ulanish uchun turli vositalardan foydalanish lozim. Ko’pchilik internetga ulanmagan yoki undan qanday foydalanishni ham bilmaydi. Distansion xizmatlar davri oson kechmayapti”, - deydi ekspert Mark Robinson.

“Amerika Ovozi”ga Oq uy taqdim etgan bayonotga ko’ra, Bayden ma’muriyati narkotik moddalarga qaram shaxslar bilan ishlaydigan xodimlar shtatini kengaytirish, irqiy notenglikni cheklash ustida ishlamoqda.

Tegishli idoralar himoya kampaniyalari va aholiga xizmat ko’rsatish ko’lamini kengaytirmoqda.

“Maktab yoshidagi bolalarni giyohvand moddalarni qabul qilishning oqibatlari bilan tanishtirish lozim. Ogohlik eng samarali profilaktika”, - deydi Virjiniyaning sharqiy okrugida prokuror vazifasini bajaruvchi Raj Parex.

Viktoriyaning ta’kidlashicha, ruhiy salomatlikni ham unutmaslik kerak. Oilaning narkotik domiga tushib qolgan vakiliga ham qattiqqo’l, ham hamdard bo’la olish kerak.

“Odatda, ular boshqalarga og’ir yuk bo’layotganini his qilgani uchun o’zidan nafratlanadi. Ular sevimli inson ekanini bilishi lozim. Biroq talabchanlik sust bo’lmasligi kerak. Bundan barcha jabr ko’radi”, - deydi Viktoriya.