AQSh-Yevropa-Turkiya: Munosabatlarda nima o'zgaradi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an. Anqara, 2-mart, 2021.

AQShda Jo Bayden prezidentlikka saylanganidan buyon Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an G’arb tomon diplomatik qadam tashlashga urinmoqda. Mamlakatda demokratik islohotlar o’tkazilishi haqida bong urayotgan Erdog’an NATO doirasidagi ittifoqchilar bilan ham aloqani mustahkamlash payida.

Turkiya rahbari Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan 2-mart kuni video muloqot o’tkazgan. Hamkorlik jiddiy qudrat ekani, o’zaro dialog muhim ahamiyat kasb etishiga urg’u bergan.

“NATO doirasidagi ikki qudratli ittifoqchi sifatida tinchlik va barqarorlikka muhim hissa qo’shishga qodirmiz. Kengroq masshtabda Yevropadan Kavkazgacha, Yaqin Sharq va Afrikagacha tinchlik o’rnatish harakatini jonlantira olamiz”, - deya bayonot berdi Erdog’an muloqot ortidan.

Shuningdek, Erdog’an 2-mart kuni vanihoyat uzoq kutilgan rejani e’lon qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur reja Turkiyada inson va fuqarolik huquqlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Erdog’anning izohlashicha, rejadan ko’zlangan asosiy maqsad yangi konstitutsiya qabul qilishdan iborat.

Biroq tanqidchilar nazdida, hukumat dissidentlarga zulm qo’llab kelayotgan bir vaziyatda yangi reja biror amaliy o’zgarish yasashi gumon. Darhaqiqat, Turkiya dunyoda jurnalistlar eng ko’p hibsga olingan mamlakat. Prezidentning siyosiy raqiblari ham panjara ortida. 2016-yilda muvaffaqiyatsiz yakun topgan davlat to’ntarishiga urinish ortidan dissident guruhlarga qarshi repressiya kuchaygan.

Anqara AQSh va Yevropa Ittifoqiga yaqinlashishga urinib, aloqalarda yangi sahifani ochishga intilmoqda. Xususan, Erdog’an Turkiyaning AQShdagi yangi elchisini tayinlashga ham ulgurdi. Biroq Vashington Turkiyaning bu taktik yurishini ehtiyotkorlik va ishonchsizlik bilan baholamoqda.

AQSh rasmiylarining izohlashicha, Turkiya o’tgan yili O’rta yer dengizi sharqida neft va tabiiy gaz manbalariga egalik huquqi borasida Kipr va Gretsiya bilan nizoga borgan. Harbiy kemalar to’qnashuviga oz qolgan tahlikali davrda G’arbiy Yevropa va mintaqadagi qo’shnilari Turkiyani tanqid qilgan edi. Dekabr oyida Erdog’an G’arbni til biriktirib, Turkiya nufuzi va ta’sir doirasini zaiflashtirishga urinayotganlikda ayblagan edi.

Baydenning Turkiyaga nisbatan pozitsiyasi Trampnikidan-da qattiqqo’l. Bayden saylovdan oldin ham Erdog’anni avtokrat rahbar deb atagan edi. Uning ma’muriyati Anqarani inson huquqlarini toptayotganlikda ayblamoqda. Nufuzli faol Osman Kavalani ozod etishga chaqirmoqda.

Joriy oy oxirida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hukumati blokning Turkiya bilan munosabatlarini qayta ko’rib chiqadi.

“Shubhasiz, Yevropa ittifoqi Turkiya bilan vazmin va oshkora munosabat qurishni istaydi”, - deydi tadqiqotchi olim Mark Pyerini.

Uning ta’kidlashicha, ittifoq iqtisodiy sabablarga ko’ra Turkiya bilan aloqalarni mustahkamlashni istaydi. Munosabatlar buzilsa, Anqara ham ittifoq bilan tuzgan bitimini inkor etib, qochqinlarning Turkiya orqali Yevropa tomon harakatlanishiga yo’l ochib berishi mumkin. Ittifoq esa buni aslo istamaydi.

Boshqa tomondan, Yevropa ittifoqi munosabatlarni tiklash bilan Turkiyaning avtokratik boshqaruvi va inson huquqlarini poymol etishiga xayrixoh bo’lishni istamaydi, deydi Pyerini.