Koronavirus pandemiyasidan oldin AQSh sog’liqqa oid favqulodda vaziyatlar uchun dunyoning eng yaxshi tayyorgarlikka ega mamlakatlaridan biri sanalgan. Pandemiya esa buning aksini ko’rsatdi. Oradan bir yil o’tib, yarim milliondan ortiq amerikalik qurbon bo’ldi.
2020-yilning mayiga kelib AQSh “Katta yettilik” davlatlari orasida foiz bo’yicha eng ko’p koronavirus tarqalgan davlatga aylandi.
Oradan bir yil o’tdi, AQSh hanuz peshqadam. Eng ko’p o’limlar soni bo’yicha dunyoda 3-o’rinda.
“Koronavirus jamoat sog’ligi bo’yicha Amerika tayyorgarligi bir pul ekanini ko’rsatdi. Dunyoning eng boy davlatimiz, lekin pandemiya bo’yicha eng yomoni. Bu qabul qilib bo’lmas holat”, - deydi Jorjtaun universiteti eksperti Lorens Gostin.
Gostinga ko’ra, Amerika sog’liq tizimiga uzoq yillar yetarli darajada resurs va mutaxassislar berilmadi. Pandemiya boshlangach, u bosimni ko’tara olmadi.
Lekin mutaxassislar asosiy aybni sobiq prezident Donald Trampga yuklamoqda.
“Ilm-fanga asoslanmagan choralar, noto’g’ri tashkiliy ishlar ko’rildi. Aholiga ham to’g’ri ma’lumot berilmadi”, - deydi sog’liqni saqlash bo’yicha sobiq rasmiy Tom Friden.
Ekspertlar fikrini inobatga olmasdan, tekshirilmagan davolash usullarini targ’ib qilgan sobiq prezident pandemiyaga qarshi erta kurashmaganlikda ayblanadi.
Ayni paytda tarixda eng tez ishlab chiqarilgan vaksina Donald Tramp davrida yaratildi.
Jo Bayden prezidentlikka saylanishi ortidan soha ekspertlari yengil tin oldi.
“Tun kunga almashgandek”, - deydi Gostin.
“Birinchi kuniyoq rejani e’lon qilishdi va u yaxshi reja. Bizda esa bir yilgacha reja bo’lmadi”, - deydi Friden.
“Bilgan narsangiz haqida gapirish; ilm-fan, dalillar nima deyapti, shunga e’tibor qaratish odamga xotirjamlik beradi”, - deydi bosh infeksionist Entoni Fauchi.
Ammo manzilgacha hali yo’l uzoq. Kasallanishlar soni kamaygan, lekin virusning yangi turlari paydo bo’lmoqda.
Vaksina ishlab chiqarish ko’paygan; uni aholiga yetkazish esa oson kechmayapti.
Virus hali-veri bizni tark etmaydi, deydi ekspert Lorens Gostin.
“Juda ehtiyotkor bo’lishimiz kerak. Virus tez orada yo’qolmaydi. U bilan birga yashashni o’rganishimiz kerak. Buni esa yaxshi uddalay olamiz”, - deydi u.
O’tgan bir yil oson kechmadi. Oldindagi kunlar ham porloq emas, ammo deydi mutaxassislar, ular avvalgilaridan yaxshiroq bo’ladi.