AQShning yangi va eski ma’muriyatlari qo’llagan choralar Xitoyning geosiyosiy ta’sirini cheklashga ojizlik qilmoqda. Vashingtonda bu borada jiddiy muhokamalar avjida.
Pekin “Bir kamar, bir yo’l” deb nomlangan tashabbusi doirasida global masshtabdagi loyihalarga homiylik qilmoqda. Xususan, so’nggi sakkiz yil ichida xalqaro avtomagistrallar, temiryo’llar, elektr stansiyalari va telekommunikatsiya loyihalarini moliyalab kelmoqda.
“Vashingtonning amaliy chora qo’llamagani va Xitoyning sobit kurashi ayni damda AQSh yuzlashayotgan iqtisodiy va strategik muammolarga asos bo’ldi. AQSh tark etgan joylarda yuzaga kelgan bo’shliqni Xitoy “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi bilan to’ldirdi”, deyiladi 23-mart kuni Xalqaro aloqalar kengashi taqdim etgan mustaqil ishchi guruh hisobotida.
Hujjatda ta’kidlanishicha, AQSh uzoq yillar avval Osiyo mintaqasi bo’ylab infrastruktura, savdo va integratsiya jarayonlarini takomillashtirishga uringan. Buyuk ipak yo’lining zamonaviy variantini yaratish haqida bong urgan edi. Biroq Vashingtonning tashabbuslari mintaqa mamlakatlarining uzviy talablariga mos kelmadi. “Bir kamar, bir yo’l” loyihalariga jalb etilgan mamlakatlarga ajratilgan AQSh moliyasi va kreditlari cheklangan edi. So’nggi yillarda esa AQSh ulushi tobora qisqarib bormoqda.
“Xitoyning qiymati bir necha trillion dollarlarga teng tashabbusi geografik chegaraga ega emas. U qamrab olmagan hudud qolmagan. Tashabbus an’anaviy infrastruktura doirasidan chiqib ketgan”, - deydi hisobot mualliflaridan Devid Saks “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
AQShning sobiq moliya vaziri Jek Lyuga ko’ra, “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi Xitoyning mintaqa va dunyo bo’ylab ta’sirini oshirishiga imkon yaratmoqda. AQSh siyosatchilari ushbu tashabbusga muqobil taklif bilan chiqishi kerak. Dunyo mamlakatlariga o’z takliflarining natijalari qanday bo’lishini tushuntirishi lozim.
Hisobot mualliflaridan Jeniffer Hillmanning ta’kidlashicha, Osiyo va Afrikaning ayrim qismlarida Xitoy AQShdan yaqqol ustunlikka ega. Xususan, “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi Buyuk ipak yo’lining quruqlikdagi iqtisodiy kamarini ham, dengiz va qutb kamarini ham qamrab olgan.
“Biz Donald Tramp prezidentligi davrida chiqib ketilgan savdo bitimlariga qayta qo’shilish va yangi bitimlarni imzolash bilan raqobat maydoniga qaytishimiz lozim”, - deydi u.
Jek Lyuning izohlashicha, Xitoy investitsiya va infrastrukturaga yuqori darajada e’tibor qaratgan. Bu borada AQSh oqsab qolgan.
AQSh rasmiylarining ma’lum qilishicha, Bayden ma’muriyati muvozanatni tiklash payida.
Vashington joriy haftada kichik va kam aholiga ega orol mamlakatlari uchun “SALPIE” tashabbusini e’lon qildi. Ushbu qaror AQShning Karib dengizi, Shimoliy Atlantika va Tinch okeanidagi orol mamlakatlar va hududlar bilan iqtisodiy hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.