Nyu-Jersi shtatida faoliyat yuritadigan Turkiston-Amerika uyushmasi rahbari Abdulla Xo’ja Qo’shma Shtatlar Jo Bayden prezidentligi davrida Markaziy Osiyo respublikalariga yordamni oshirishidan umidvor.
“Bayden idorasidan istagimiz shuku, O’rta Osiyo jumhuriyatlari, xususan O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilab, ularga iqtisodiy va texnologiyalar orqali yordamlarini kuchaytirsa biz shunga xursand bo’lamiz. Bizning istagimiz shu - bizning mamlakatlarimiz bilan aloqalari yaxshi bo’lsa biz xursand bo’lamiz.”
Madaniy va iqtisodiy yordam ko’rsatilishi, shuningdek, O’zbekistondan mahsulot kelishini yengillashtirish lozim, deydi Abdulla Xo’ja.
“Talabalarni olib kelsa va bu yerda mutaxassislar yetishtirilsa ham yaxshi bo’ladi”.
Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lganida Qo’shma Shtatlardagi o’zbekistonliklar jamiyati safida O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan faollardan biri Abdulla Xo’ja 30 yil o’tsa ham, mamlakat Rossiya ta’siri ostida qolayotganidan afsusdaligini suhbatda takror-takror ta’kidladi.
“Hozir ham mamlakatga Rossiyaning katta ta’siri borligini bilasiz.
Hozirga qadar ba’zi narsalar o’zgargani yo’q. Alifbo eski, otlardagi “ov”, “yev”lar hamon ishlatilyapti. Bular ota-boblarimizni otlarini ko’rsangiz, ular Navoiy yoki Bedil bo’lsin yoki Temur, ularning otlarida “ov” yoki “yev”lar yo’q edi. Bu qo’shimchalar slavyan xalqlariniki. U bizlarniki emas. Bulardan voz kechib o’zimizning otlar, masalan Abdulla Xo’ja kabi yozdirish kerak. Bu ham musulmoncha bo’ladi va [bundan buyon] o’zimizning an’anaviy otlarni ishlatish kerak”, - deydi suhbatdosh.
Qo’shma Shtatlarda yashaydigan o’zbekistonliklar orasida ham Rossiyaga yonbosish kuchliligi sezilib turadi, deydi Abdulla Xo’ja.
“Shunga hayronmanki, bizning qonimiz boshqa, madaniyatimiz, urf-odatimiz boshqa, dinimiz ham boshqa, ammo Rossiyaga yaqinlashishga va unga xushomad qilishni yaxshi ko’ramiz. Shunga men ko’p afsus qilaman. 30 yil oldin vatanimiz, ona yurtimizni mustaqilligi uchun kurashardik. Harakat qilardik, namoyihlar qilardik. Xatlar yozilardi. Har tomonga borib aytilardi. Vatanimiz mustaqilligi uchun katta harakat qilingan. Bu mustaqillikni abadiy bo’lishiga, solim va pishiq bo’lishiga intilish kerak. Hozir ham rasmiyatchilikda va yozishmalarda rus tili, lug’ati va adabiyoti ishlatilyapti. Borgan sari ularni kamaytirib, o’zimizning tilga qaytish kerak. Bundan buyog’iga lotinchaga o’tsa yaxshi bo’ladi”.
“30 yil davomida O’zbekiston ancha oldinga ketdi. Buni ta’kidlash kerak. O’zimizning tariximiz, tarixiy joylarimiz obod qilindi. Dinimiz ham ancha kuchaygan. Ammo ba’zi kamchiliklar borki ularni yechish kerak. Hozir ham korrupsiya ko’p. Bundan tashqari ishsizlik ko’p. Bularni hammasini ko’rib chiqish kerak. Chunki ishsizlikdan katta muammolar kelib chiqadi”, - qo’shimcha qiladi Abdulla Xo’ja.
1990-yillargacha O’zbekiston mustaqilligini talab qilib yashagan Abdulla Xo’janing hozirgi nutqlari ko’proq nasihatomuz.
2020-yil 1-sentabr kuni Nyu-Yorkdagi tadbirda so’zlaganida u shunday degan edi:
“1-sentabr O’zbekiston tarixida eng muhim kun! 29 yil oldin rahmatlik prezident [Islom] Karimov parlamentda birinchi marta e’lon qilganlarida, men bugun O’zbekistonning mustaqilligini e’lon qilyapman deganlarida u yerda o’tirgan hamma deputatlar sokin, hech bir hissiz o’tirishgan. U kishi takror aytganlarida, eshityapsizlarmi, men mustaqillikni e’lon qilyapman desa ham sekin, qarsak chalishgan. Mustaqillikni ma’nosi, uning arzishi va bebaho bo’lganligini ular yoki yaxshi tushunishmagan, yoki qo’rqishgan. Mustaqillikdan na qo’rqish kerak, na tortinish kerak. Mustaqillikni abadiy qilish uni kuchlantirish bu hammamizning vijdoniy vazifamiz. Mustaqillik bebaho narsaki, buni yaxshi bilish kerak. Mustaqillikni hamma vaqt yaxshi nishonlashimiz va yaxshi kutib olishimiz kerak. Mustaqillik yo’lida millionlab qurbonlar berilgan. Katta tarixga egamiz. Shuning uchun mustaqillikning ma’nosini ham uning qadrini ham bilishimiz kerak”.
Abdulla Xo’ja Qo’shma Shtatlardagi Ronald Reygan va Donald Tramp boshqaruvi O’zbekiston uchun davri yorug’ xotiralarga boy bo’lganini e’tirof etadi. Birining davrida Sovet Ittifoqida milliy uyg’onish kuzatilgan bo’lsa, ikkinchisi davrida, uzoq tanaffusdan so'ng, mustaqil O’zbekiston presidenti Oq uyda qabul qilingan.
“Jo Bayden davrida ham AQSh - O’zbekiston munosabatlari sermahsul bo’lishini kutyapman,” - deydi suhbatdosh.