Avvalroq Livan televideniyesi to’rt nafar amerikalik mahbusni to’rt nafar eronlik mahbusga almashish borasida Vashington va Tehron kelishib olganini ma’lum qilgan edi.
Tehron Livan xabarini tasdiqlagach, AQSh Davlat departamenti 2-may kuni maxsus bayonot bilan chiqdi. Mahbus almashinuvi bo’yicha hech qanday kelishuv yo’qligini e’lon qildi.
“Mahbus almashinuviga doir kelishuv xabari haqiqatga zid. Avval ta’kidlaganimizdek, Eronda hibsga olingan yoki bedarak yo’qolgan amerikaliklar masalasini ko’tarishdan to’xtamaymiz. Ularni oilalari bag’riga qaytarmaguncha tinmaymiz”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
2-may sanasida Livanning Eronga xayrixoh telekanali Tehronning anonim rasmiylariga tayangan holda AQSh va Eron o’zaro to’rt nafar mahbusni almashishga kelishganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Eronning AQShda muzlatilgan 7 milliard dollarlik mablag’iga qo’yilgan taqiq bekor qilinishini bildirgan.
“Al-Mayadin” telekanalining bu xabarini Eron davlat televideniyesi ham tasdiqlagan.
Ayni damda Eron va dunyoning yetakchi mamlakatlari Vashington uch yil avval chiqib ketgan yadroviy bitimni yangilash borasida muzokaralarga kirishgan.