Turkiston-Amerika uyushmasi binosida koronavirus pandemiyasi sababli bir yillik tanaffusdan so’ng ilk bor Iyd al-Fitr namozi o’qildi. Uyushmaning Nyu-Jersi shtati Dover shahrida joylashgan markazi bir yildan oshiq vaqt yopiq qolayotgan edi.
Qo’shma shtatlar bo’ylab karantin choralari yumshashi ortidan Ramazon hayiti namozini vatandoshlar jamoa bo’lib jamiyat markazida o’qishdi. Bundan Nyu-Jersi shtati va uning atrofida yashaydigan o’zbekistonliklar xursand.
Xususan, Turkiston-Amerika uyushmasi rahbari Abdulla Xo’ja 16 yil oldin joriy qilingan an’ana tiklanganidan mamnun. Jamiyat a’zolari o’zbekistonlik imom Muhammadi Ergashev boshchiligida markazda taroveh namozlari o’qishdi. Hayit namoziga ham Toshkentdagi Ahmadjon Qori jome’ masjidi imomi boshchilik qildi.
Namozdan so’ng markazda uyushtirilgan nonushtada vatandoshlar yuzma-yuz diydorlashish imkoniyatiga ham ega bo’ldi. Markazda ayollar uchun ham joy hozirlandi.
Abdulla Xo’janing aytishicha, O’zbekistondan imomlarning AQShdagi vatandoshlar huzuriga bu kabi safarlari ikki davlatda yashaydigan yurtdoshlar uchun ham, har ikki mamlakat hukumatlari uchun ham foydali.
Ramazon hayitidan so’ng imom Muhammadi Ergashevning safari nihoyasiga yetadi. Safari pandemiya sharoitiga to’g’ri kelgan bo’lsa-da, “O’zbekistonga Amerikadan foydali tajriba bilan qaytyapman”, deydi suhbatdosh.