O'zbekistonda fuqaro murojaatlarini faqat davlat tilida qabul qilishga oid tartibni qonunga kiritish taklifi qonunchilar tomonidan qabul qilinmadi. Bu orada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin MDH davlatlarida rus tili ta'limini kuchaytirish lozimligini ta'kidladi.
Aprel oyi oxirida Oliy Majlisda davlat tiliga doir qonun loyihasi ko’rib chiqilgan, davlat idoralariga faqat davlat tilida murojaat qilish, murojaatlarga javoblarning ham davlat tilida berilishi taklif qilingan loyiha deputatlarning ko’pchilik ovozi bilan rad etilgan edi.
“Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan olg'a surilgan, o’zbek tilining rasmiy maqomini kuchaytirishga qaratilgan bu qonun loyihasining rad etilgani jamoatchilik orasida jiddiy munozaralarga sabab bo’ldi; unga qarshi ovoz bergan deputatlar va Oliy Majlis keskin tanqid ostida olindi.
Taniqli adabiyotshunos, professor Qozoqboy Yo’ldoshev til haqidagi qonun loyihasi Oliy Majlisda rad etilishi ortidan bu kabi “manqurt” deputatlar bilan bir havodan nafas olishga nomus qilishi haqida bayonot qildi:
“Tashqaridan kelgan yovlarga qurolli kuchlarni qarshi qo‘yish mumkin ekan-u, ichingdan chiqqan dushmanga, o‘zini anglamagan manqurtlarga qarshi turish bu endi bizning millatimiz qismatida bor narsa ekan-da. Mana shunday vaqtda millat uyg‘onmog‘i kerak bo‘ladi. Lekin millatning eng ilg‘or qismi, millat vakillari shu ahvolda bo‘ladigan bo‘lsa, bu millatning kelajagi haqida yomon gumonlarga, yomon xavotirlarga tushib qolishingiz tabiiy”, - deydi professor matbuotga bergan intervyusida.
Tilshunos olim, muxolifat faoli Baxtiyor Isabek nazarida davlat tili masalasi siyosiy irodaga taqalib qolgan.
“Til masalasi Karimov davrida ham, hozir ham hukumatning siyosiy irodasiga bog’liq qolmoqda. Faqat Mirziyoyev davriga kelib rus tilining qo’llanilishi yana kengaydi, rus tilli maktablar ko’paydi, ijtimoiy mavqei ko’tarildi. Hammasi tepaga qarab, hukumatda rus tiliga o’tilyaptimi, shu asnoda quyiga ham singdiriladi. Alifbo masalasi bu texnik jihat, bu bilan jamoatchilikni chalg’itmaslik kerak. Asosiysi, muammo Moskva oldidagi qo’rquvni yengish, aniq bir qarorga kelish. Agar hukumat, davlat rahbari davlat tilini rivojlantirish uchun o’zida siyosiy iroda topolmas ekan, til maqomi, mavqei, alifboga doir muhokamalar yana 30 yil davom etishi mumkin”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Prezident Putin sobiq ittifoq davlatlarida rus tilini yanada rivojlantirishga doir bayonotini bir necha kun mudaqqam bildirgan.
Putinga ko’ra, Rossiya hukumatining sobiq ittifoq davlatlarida rus tili o’rgatilishiga doir bugungi faoliyati qoniqarli emas.
“Ayni paytda qilinayotgan ishlardan ko’ra ko’proq va samaraliroq harakat qilish zarur”, - degan Putin.
Vladimir Putin nazarda tutayotgan davlatlarda, jumladan, O’zbekistonda 30 yil avval o’zbek tili davlat tili sifatida belgilanganiga qaramasdan, ish yuritish aksariyat hollarda hamon rus tilida qolayotgani inobatga olinsa, Rossiyaning sobiq ittifoqda rus tilini rivojlantirishga doir yangi rejalari, xususan, O’zbekistonda o’zbek tilining maqomini kuchaytirishga bo'lgan umid va urinishlar yana so'nishiga olib borishi mumkin.
O’zbekistonda davlat tili bilan bog’liq asosiy muammo o’zbek tilining siyosiy, boshqaruv, ish yuritish tiliga aylanmaganida ko’rinadi va bu boradagi vaziyat hamon munozarali.
O’zbekiston prezidenti farmoni, hukumat tomonidan tasdiqlangan “Yo’l xaritasi”ga muvofiq, mamlakat 2023-yilning yanvaridan boshlab to’liq lotin imlosiga o’tishi lozim.
Shu maqsadda lotin imlosining yangilangan shakli tasdiqlanib, iste’molga kiritilishi kutilmoqda. Ammo so’nggi xabarlarga ko’ra, lotin alifbosiga doir muhokamalar muddati yana 6 oyga, noyabr oyiga qadar uzaytirilgan.
Muhokama muddatining uzaytirilishi O’zbekiston 2023-yil yanvaridan boshlab to’liq lotin imlosiga o’tishiga nisbatan shubhalarni uyg’otayotgani ham kuzatiladi.