Musulmonlarni kamsitgan kompaniya 5,5 million dollar to'laydi

  • Amerika Ovozi

Go’sht hamda go’sht mahsulotlarini yetkazib beruvchi JBS kompaniyasi. Kolorado shtati.

AQShda cho’chqa, mol va tovuq go’shti hamda go’sht mahsulotlarini yetkazib berish bo’yicha ikkinchi o’rinda turadigan kompaniya musulmonlarni kamsitgani uchun 5,5 million dollar to’laydi. Uzoq davom etgan sud aybloviga ko’ra, JBS kompaniyasi Kolorado shtatidagi zavodida musulmon ishchilarini tahqirlab kelgan.

Teng huquqlar asosida ishga yollash bo’yicha AQSh komissiyasi Denver shahridagi federal sudga 2010-yilda da’vo arizasini kiritgan edi. Unda qayd etilishicha, JBS ma’muriyati ishchilarini musulmon, somalilik immigrant va qora tanli bo’lgani uchun kamsitgan. Hojatxonalardan foydalanishni taqiqlab qo’ygan. Boshqalardan ko’ra ko’proq ish yuklab, og’ir shartlar bilan qiynagan.

Komissiyaning 9-iyun kuni bergan bayonotiga ko’ra, JBS diskriminatsiya nishonida bo’lgan qariyb 300 nafar ishchiga jami 5,5 million dollar to’laydi.

JBS matbuot kotibi Nikki Richardsonning ta’kidlashicha, kompaniya ma’muriyati ayblovni tan olmagan. Ish jarayonida diskriminatsiyaga yo’l qo’yilmaydi. Etnik va diniy tolerantlik, tenglik ta’minlangan.

Sud ayblovida qayd etilishicha, JBS musulmon xodimlarning belgilangan tanaffuslarda ibodat qilishiga to’sqinlik qilgan, hojatxonadan foydalanishni taqiqlagan.

2008-yilning Ramazon oyida iftorlik uchun suv bermagan. Tahorat olish imkonini yo’qqa chiqarish uchun suv ta’minotini to’xtatib qo’ygan. Kompaniya rahbarlari qora tanli musulmonlarga go’sht va suyaklarni otib, qo’pol so’kkan. Laqablar bilan chaqirib kamsitgan. Hojatxona devorlariga somaliliklarni tahqirlovchi graffiti suratlarini chizdirgan. Ko’plab xodimlarni musulmon bo’lgani uchun ishdan bo’shatgan.