Afg'onistonda vaziyat yanada og'irlashmoqda

Tolibonga qarshi birlashayotgan xalq otryadlari. Kobul, 23-iyun, 2021.

Afg’onistonning ko’p hududlari, xususan, shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarda davom etayogan janglar natijasida minglab odamlar uy-joyini tark etishga majbur bo’lgan.

Shibirg’onga qochib kelgan 163 oilaga oziq-ovqat va tibbiy vositalardan iborat yordam paketi ulashildi. Ko’makni Xalqaro Oziq-ovqat tashkiloti va ayrim insonparvar muassislar amalga oshirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’oniston shimolidagi janglar: qochqinlar soni oshmoqda

“Yerdan oyog’im, osmondan qo’lim uzilgan. O’g’illarim Eronga ketgan. Yoshim saksonda”,- deydi Faryobdan Juzjonga qochib kelgan keksa Muhammad Hoshim.

“Tinchlik ta’minlansa, qishlog’imizga qaytishni xohlaymiz. O’z joyimizda dehqonchiligimiz, o’z ishimiz bilan band edik. Bu yerda ish yo’q, nima qilamiz?”,- deydi Sher Muhammad.

Ovoralarning askariyati keksalar, bolalar va ayollar.

“Ikki og’a-inim va bir singlim shahid bo’ldi, onam jarohat oldi. Ota-onam, men va to’rt nafar yetim qoldik”,- deydi faryoblik qochqinlardan biri.

“Toliblar bir o’g’limni olib qoldi. Hammamiz sarson-sargardonmiz. Biroz bug’doyimiz bo’lsa, yarmini olar edi”,- deydi yana bir ayol.

“Sarson bo’lib kelganimizga ikki hafta bo’ldi. Bir erkak 6-7 oilani olib chiqdi. Erkaklarimizning ko’pi qaytmagan. Ular toliblar bilan jang qilmoqda. Tinchlik bo’lsa, darrov qaytamiz. Bu yerda uyga ijara puli yo’q, oziq-ovqat yetishmayapti”,- deydi o’zini Xonim Yusufiy deb tanishtirgan ayol.

Rasmiylar qochqinlar soni oshib borayotganidan tashvish bildirmoqda.

“So’nggi uch oyda qochqinlar soni ko’paygan. Xususan, ikki oy mobaynida 750 oilaning Shibirg’on shahriga qochib kelgani qayd etilgan”,- deydi Juzjon viloyatining qochqinlar idorasi vakili Sayid Tolib Sodot.

Oxirgi vaqtlarda Tolibon guruhi harbiy harakatlarni kuchaytirgan. Shimoldagi aksar tumanlarni o’z nazoratiga olgan. Urush changalidan qochayotganlar ko’paymoqda.