“Amazon” asoschisi Jeff Bezosga qarashli “Blue Origin” kompaniyasi fazoga odam uchirdi. Dunyoning eng boy odami Jeff Bezos, uning ukasi, 82 yoshli Meri Fank hamda 18 yashar Oliver Daymen uning yo’lovchilari bo’ldi.
Ikki hafta oldin yana bir milliarder – Richard Branson ham “Virgin Galactic” raketa-samolyotida samoga parvoz qilgan edi.
“Blue Origin” kompaniyasining G’arbiy Texasdan koinotga uchgan raketasi Amerikaning ilk astronavti sharafiga “Yangi Shepard” deb nomlandi. U “Apollon 11” missiyasi Oyga uchgan tarixiy kunda parvoz qildi.
10 daqiqacha davom etgan parvozda Bezos va uning hamrohlari 105 kilometr balandlikka ko’tarilib, uch minut vaznsizlik holatini boshdan kechirdi.
“Men uchun eng qizig’i yerga va uning atmosferasiga qarash bo’ldi. Har bir fazogir, kosmosga chiqqan har bir odam shuni aytadi: bu narsa ularni o’zgartiradi; Yer va uning go’zalligi, shuningdek, uning qanchalar omonat ekanidan ular hayratga tushadi”, - dedi “Blue Origin” kompaniyasi asoschisi Jeff Bezos.
“Jeffga rahmat aytmoqchiman, chunki bu parvozni men uchun u ro’yobga chiqardi. Samoga chiqishni uzoq vaqtdan beri kutayotgan edim”, - deydi dunyoning eng keksa astronavti Meri Fank.
Bezosning samoga sayohati milliarder Richard Brenson parvozidan to’qqiz kun o’tib amalga oshdi.
“Bolaligimda yulduzlarga qarab xayol surardim. Endi ulg’ayib, kosmik kemada go’zal Yer sayyoramizga tikilib turibman. Biz shunday qila olar ekanmiz, keyingi avlod nimalarga qodirligi haqida o’ylab ko’ring”, - deydi “Virgin Galactic” kompaniyasi asoschisi Brenson.
Ayrimlar bu parvozlarning faqat boylar uchun ekanini tanqid qildi. Bezos asl maqsadi nima ekaniga izoh berdi.
“Umidimiz kosmosga yo’l ochish, toki kelajak avlodlar, Oliver va uning avlodi fazoda ajoyib ishlarni amalga oshirsin. Buning uchun tajriba va qayta ishlatiladigan raketalar kerak. Haqiqiy maqsad shu”, - dedi Bezos.
Ko’plab tahlilchilar fikricha, tijoriy parvozlarni amalga oshiradigan kompaniyalar o’rtasidagi raqobat narxlarning tushishiga hissa qo’shadi. Bu esa ilmiy tadqiqotlar va fazoni o’rganish ishlarining kengayishiga olib boradi.
Your browser doesn’t support HTML5