Rasmiylar sportchilarni namoyishlardan tiyilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Qora tanlilar global namoyishi. Ayol huquqlari uchun kurash. Har ikkisi so’nggi yozgi olimpiada o’yinlaridan keyin avj olgan e’tirozlar.

Bu arzlar Tokio o’yinlarida ham yangrashi mumkin.

“Nazarimda, qora tanlilar va umuman inson huquqlari bo’yicha faol sportchilar uchun mukammal vaziyat yetilgan”, - deydi siyosatshunos Jyuls Boykoff.

AQShda professional basketbolchilar irqchilikka qarshi namoyishlarda yetakchilik qildi. Ularning aksariyati Tokioda bellashadi.

AQSh futboli yulduzi Megan Rapino ayollar maoshi ozligidan arz qilgani bilan ham nom qozongan.

“Ayol bo’lganim uchun kam maosh olishga mahkumman”, - degan edi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Olimpiadada sportchilarning norozilik namoyishi

1968-yilda Tommi Smit va Jon Karloslarning irqiy tenglik talabi bilan qo’lini yuksak ko’targani eng yorqin xotiraga aylangan.

Xalqaro olimpiya qo’mitasi keyinroq sportchilarning namoyishiga taqiq o’rnatgan edi.

Qoida bu yil yumshatilgan. Biroq qo’mita rahbari Tomas Bax podium va taqdirlash marosimlari siyosatdan xoli ekani, sportchilarning turli namoyishlarga berilmasligi lozimligini eslatdi.

Qizig’i, qo’mitaning o’z saytida Karlos va Smitlar afsonaviy sportchi sifatida e’tirof etiladi.

“Saytda ularning matonati olqishlanadi. Darhaqiqat, ular o’zida buyuk jasorat topa olgan. Biroq joriy qoidalar yangi Karlos va Smitlar chiqishiga imkon bermaydi”, - deydi Boykoff.

AQSh konservativlariga ko’ra, sportchilar faqat sport bilan cheklanishi kerak. Biroq trend boshqa yo’nalishda. Xususan, olimpiadada ham.

“Olimpiada va xalqaro sport siyosat bilan chambarchas bog’liq. Davlat bayrog’i, madhiya, gerblar, milliy ranglardagi formalar tadbirlarning muhim elementi”, - deydi professor Xizer Dixter.

Olimpiada ayrim sportchilar faoliyatidagi eng nufuzli platforma hamdir. Shunday ekan, ularning arzlari, tug’yonlari ifodasiga Tokioda ham guvoh bo’lishimiz mumkin.