AQShda saylov huquqi bo'yicha siyosiy kurash avj olmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: saylov huquqi bo'yicha bahslar

2020-yilgi prezidentlik saylovi ortidan AQShning ko’plab shtatlarida respublikachilar va demokratlar saylov qonunlarini o’zgartirish masalasida keskin kurash olib bormoqda. Ovoz berish jarayonini osonlashtirishga qaratilgan demokratlar qonuni Senatda respublikachilar qarshiligiga uchradi. Respublikachilarga ko’ra, saylovda firibgarliklarning oldini olish uchun cheklovlarni kuchaytirish lozim.

Saylov islohoti bo’yicha siyosiy kurash Kongress ostonasigacha yetib keldi. 50 dan ortiq texaslik demokrat o’z shtatida respublikachilar qabul qilayotgan qonunni o’tkazmaslik uchun ish joyini tashlab, Vashingtonga yig’ildi. Ularga ko’ra, yangi qonun ovoz berish huquqini keskin cheklaydi.

Sobiq prezident Donald Tramp so’nggi saylovda firibgarliklar qurboni bo’lganini da’vo qilgandan beri 17 shtatda ovoz berish jarayonini qiyinlashtiruvchi 28 ta qonun qabul qilindi. Iyulda esa AQSh Oliy sudi cheklovlar masalasida shtatlar kengroq vakolatga ega ekani haqida qaror qabul qildi.

Demokratlar Senat orqali shtatlardagi cheklovlarni bekor qilishga urinmoqda.

“Xalq uchun qonuni va Jon Lyus saylov huquqlarini kuchaytirish qonuni ovoz berish jarayonini zamonaviylashtiradi hamda tarixan diskriminatsiyaga uchrab kelgan guruhlarning ovoz bera olishini ta’minlaydi”, - deydi huquq faoli Rebeka Krazers.

Senatdagi demokratlar hozircha bu qonunlarni o’tkazish imkoniyatini topa olmayapti.

“Bu Amerika xalqining cheklovlarsiz ovoz berish huquqi haqida. Hech kim amerikaliklar ovoz berish huquqiga ega yoki ega emasligi haqida bahslashmayapti. Masala ularning bu huquqdan qanchalik erkin foydalana olayotgani haqida”, - dedi AQSh Vitse-prezidenti Kamala Harris.

Senatda ikki partiya o’rtasidagi kuchlar deyarli teng. Demokratlar qonunni o’tkazish uchun kamida 10 ta respublikachi ovozini ham olishi kerak. Respublikachilar esa qonunni o’tkazmasdan, saylov ustidan nazoratni shtatlar orqali kuchaytirish yo’lidan bormoqda.

“Bu choralar tartibni saqlash, saylov xavfsizligini ta’minlash hamda natijalarga ishonchni oshirishga xizmat qiladi”, - deydi Arizona shtati bosh prokurori Mark Brnovik.

Saylovlarning Vashingtondan nazorat qilinishiga qarshilik ham kuchli.

“Har bir shtat o’z saylovini o’zi o’tkazadi. Demokratlar Kongressda olg’a surayotgan qonun mamlakatdagi barcha saylovlar ustidan federal hukmronlik o’rnatadi. U, shuningdek, saylovlar xavfsiz va adolatli o’tishini ta’minlash uchun shtatlar amalga oshirgan ko’plab choralarni bekor qiladi”, - deydi Xeriteyj jamg’armasi tadqiqotchisi Xans von Spankovskiy.

Demokratlar saylovchilarning qo’llab-quvvatlovidan umidvor. Ularga ko’ra, saylovni osonlashtirishdan maqsad hukumatning javobgarligini oshirish.

“Mamlakat bo’ylab ommaviy so’rov o’tkazsangiz, xalq saylov manipulyatsiyasiga qarshi ekanini bilasiz. Ular milliarderlar va korporatsiyalar saylovlarni sotib olishini xohlamaydi. Xalq millatimizning urib turgan yuragi bo’lgan saylov qutilarini saqlab qolishni xohlaydi”, - deydi demokrat senator Jef Merkli.

Fuqarolik huquqlari yetakchilari saylov islohoti bo’yicha qonunchilarga bosim o’tkazish uchun 28-avgust kuni Vashingtonda ommaviy yurish o’tkazishga chaqirmoqda.