BMT Bosh Assambleyasi 76-yillik sessiyasi majlislari boshlanishi bilan tashkilot bosh qarorgohi atrofida huquq va turli jamoatlar faollarining namoyishlari o’tdi. BMT binosiga tutash ko’chada kambag’al mamlakatlarga vaksina bilan ko’mak miqdorini oshirishga qaratilgan namoyish o’tkazildi. Namoyishni sog’liqni saqlash yo’nalishida jamoatchilik manfaatlari himoyasi bilan mashg’ul bir guruh xalqaro va mahalliy tashkilotlar vakillari uyushtirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Bizning murojaatimiz Jo Baydenga qaratilgan. Aymoqchimizki, boshqa mamlakatlar aholisoni emlash uchun yetkazilayotgan yordam nomutanosib. Xayriya qilinayotgan vaksinalar ham yetarli emas. Biz prezident Baydenni muhtoj davlatlarga yordamlashish va vaksinalarni jahon bo’ylab yetarli miqdorda ishlab chiqarishga erishish maqsadida boshqa ishlab chiqaruvchilarga ham uning texnologiyasini berishga undayapmiz. Shuningdek, global miqyosda emlashni tezroq amalga oshirish uchun Qo’shma Shtatlar va boshqa badavlat mamlakatlar vaksina ishlab chiqaruvchilarga ko’proq mablag’ yo’naltirishlari kerak deyapmiz”,- deydi namoyishga chiqqan “Health Gap” harakati vakili Emili Sanders.
BMT Bosh Assambleyasi majlisi munosabati bilan Nyu-Yorkda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Tashkilot bosh qarorgohi atrofidagi ko’chalarda piyodalar va transport harakati to’xtatildi. Shu sababli, faollarning namoyishlari asosan 2-Avenyu bo’ylab uyushtirildi.
“Bizning aynan bu yerda namoyish o’tkazishimizning sababi 21-sentabr kuni Jo Bayden mana bu binoda o’tadigan BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etadi. Shuningdek, 22-sentabr kuni prezident Bayden Kovid masalasiga bag’ishlangan global Sammitda ham ishtirok etadi va so’zga chiqadi. Jahon ahliga murojaat qilishidan oldin biz prezident vaksinalash masalasining turli jihatlariga e’tibor qaratishiga erishmoqchimiz”,- deydi Emili Sanders.
BMT Bosh qarorgohi atrofida boshqa global va yer yuzidagi notinch mintaqalar muammolariga bag’ishlab ham namoyishlar uyushtirildi. Turli tashkilotlar va jamoatlar vakillarining ovozlari BMT Bosh Assambleyasi faoliyatini yoritish uchun kelgan yuzlab jurnalistlar e’tiborini o’ziga jalb etdi.