O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Uendi Sherman bilan muloqot qildi.
Tomonlar suhbatdan mamnun: strategik sheriklik, AQShdan sarmoya oqimi, siyosiy-iqtisodiy islohotlar va inson huquqlari masalasi hamda Afg’onistondagi vaziyat muhokama qilingan.
Vashington Toshkent bilan serqirra aloqa tarafdori ekanini, O’zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo quvvatlashini eslatgan.
Bayden ma’muriyati a’zosi O’zbekiston prezidentini demokratik va iqtisodiy islohotlarni davom ettirib, inson huquqlari bobida olg’a qadam tashlayverishga undagan.
Mirziyoyev idorasiga ko'ra, xavfsizlik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, savdo, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi yo‘nalishlarda qo'shma loyihalarni ko'paytirish borasida ham so'zlashilgan.
Pandemiyani bartaraf etish va vaksina ta'minoti xususida gap ketar ekan, O'zbekiston Amerikaga bu boradagi yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
Afg‘onistonda ahvol og'ir. O‘zbekistonning bu xalqqa ko‘magi e'tirof etilib, AQSh bilan birga qanday qadamlar tashlanishi mumkinligi to'g'risida ham gaplashib olgan.
Sherman kecha Toshkentda O'zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan ham uchrashgan.
Buni ham ko'ring AQSh O'zbekistonni islohotlarni chuqurlashtirishga undadiSherman O'zbekistonni mustaqillikning 30 yilligi bilan qutlab, Afg'oniston yuzasidan hamkorlik uchun rahmat aytgan.
Davlat kotibiga ko'ra, Afg'oniston xalqi yordamga muhtoj, Tolibon boshqaruvi ostida fuqaro huquqlari va erkinlik toptalmoqda, barcha elat va siyosiy taraflarni o'z ichiga olgan hukumat tuzilishi lozim. AQSh mintaqa davlatlari, jumladan O'zbekiston bilan kelishib ish tutishga bel bog'lagan.
Mirziyoyev ma'muriyati o'z siyosatida nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarini ko'zlayotganini bildirgan. Toshkent Afg'onistonga madad ko'rsatib, qo'shni yurtni quvvatlashda davom etadi, degan rasmiylar. Toshkent, ularning ta'kidlashicha, Afg'onistonda barqarorlikka erishish uchun Amerika bilan hamkorlikni kengaytirishga shay.