Amerika Qo'shma Shtatlarining yetakchi savdo muzokarachisi Xitoy o'tgan yilgi savdo majburiyatlarini bajarmaganini va Vashington tez orada Pekin bilan "ochiqchasiga" gaplashib olishini aytdi.
AQSh Savdo vakili Ketrin Tay dushanba kuni Vashingtonda qilgan nutqida, "Xitoy Amerika sanoatining ayrim sohalariga, shu jumladan, qishloq xo'jaligiga foyda keltiradigan majburiyatlarni bajarishni zimmasiga olgan edi", dedi.
Xitoy sobiq prezident Donald Tramp ma'muriyati davrida AQShdan import miqdorini qo'shimcha 200 milliard dollarga oshirishga va’da bergan edi.
Tayga ko’ra, Xitoy bu va’dasini to’liq bajarmagan. U Xitoy Bosh vaziri o'rinbosari Lyu Xe bilan uchrashuvda bu masalani ko’tarishini aytdi.
"Hammasidan avval, biz o'z iqtisodiy manfaatlarimizni oxirigacha himoya qilishimiz kerak", - dedi Tay Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida o’tgan anjumanda.
Trump siyosatining davomi
“PNC Financial Services Group” yetakchi vitse-prezidenti va katta iqtisodchisi Uilyam Adams Tay nutqini "AQSh-Xitoy savdo munosabatlariga doir Tramp ma'muriyati yondashuvining davomi" deb atadi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyga kelgach, Tramp joriy qilgan tariflarni o'z kuchida qoldirgan edi.
Tayning aytishicha, Bayden ma'muriyati Xitoydan keladigan ba'zi importlarga Trump tomonidan kiritilgan tariflarni bekor qiladi. Ba’zi tariflar esa o'tgan yilning oxirida tugagan edi.
Tay Xitoyning ichki subsidiyalari va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun Tramp nazarda tutgan ikkinchi bosqich muloqoti o’tkazilmasligini aytgan bo'lsa -da, bu mavzular muhokamasi AQShning Xitoy bilan keyingi muzokaralarida davom etishini bildirdi.
AQShdagi savdo guruhlari Tayning bayonotini ijobiy qabul qildi.
"Biz uning xitoylik hamkasblari bilan savdo masalalari bo'yicha muzokaralar olib borishga tayyorligini olqishlaymiz va biz Xitoy birinchi bosqich kelishuvi bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarish uchun javobgar bo'lishi kerak, degan fikrga qo'shilamiz", - dedi AQSh-Xitoy Biznes kengashi vakili Dag Barri.
Biroq, Barrining aytishicha, uning tashkiloti hali ham qo'shimcha tariflar bo'lishi mumkinligidan xavotirda va tariflardan ozod bo’lish fermerlar uchun ayniqsa muhimligini aytadi.
Tay 1974-yilgi Savdo to'g'risidagi qonunning 301-moddasi bo'yicha Xitoyga qarshi qo’shimcha sanksiyalarga olib kelishi mumkin bo'lgan yangi tergov ochilishi ehtimolini istisno qilmadi.
Buni ham ko'ring Bayden: Xitoy - AQShning 21-asrdagi asosiy raqibiXitoy subsidiyalari
Ziddiyatli masalalardan biri Xitoyning po'lat, quyosh energiyasi va yarimo'tkazgichlar sanoatiga, jumladan, AQSh kompaniyalarining jahon bozorida raqobatbardoshligini qiyinlashtiradigan sohalarga beradigan subsidiyalaridir.
"Xitoyning o'sishi va gullab-yashnashi ishchilar, AQSh va boshqa erkin bozorga asoslangan demokratik davlatlardagi iqtisodiy imkoniyatlar evaziga bo’lmoqda", - dedi Tay.
Ilgari Xitoy Prezidenti Si Zinpin Xitoy milliy tovarlari global ta'minot zanjirlari uchun muhim bo'lishi mamlakat milliy xavfsizligi uchun dolzarbligini aytgan edi.
So'nggi haftalarda Xitoy o'zining texnologiya sektori ustidan nazoratni kuchaytirar ekan, Xitoy Bosh vaziri o'rinbosari Lyu Xe sanoatni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash davom etishini ta’kidladi.
"Xususiy iqtisodiyotni qo'llab -quvvatlash bo'yicha ko'rsatma va siyosat o'zgarmadi va kelajakda ham o'zgarmaydi", - dedi Liu Sinxua axborot agentligining xabariga ko'ra.
Buni ham ko'ring AQSh Xitoy ta'siriga qarshi tashabbus bilan chiqdi“Xitoy o’zgarmasligi mumkin”
Piterson Xalqaro Iqtisodiyot instituti katta ilmiy xodimi Gari Xufbauer "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida Tay Xitoy subsidiyalariga "juda tanqidiy" munosabatda bo'lganini va uning Xitoyga nisbatan tutayotgan qarashini "Tramp ma'muriyati o'ylab topganini" aytdi.
Tayning nutqi, shuningdek, Bayden ma'muriyati Xitoyga qarshi siyosatda ittifoqchilar bilan birga ishlashni maqsad qilayotganini ko’rsatadi. Bu esa Trump ma'muriyati yondashuvidan farq qiladi.
"Bizning strategiyamiz asosi - ittifoqchilarimiz bilan adolatli va ochiq bozorlarni yaratish bo'yicha ishlashni ta'minlash majburiyatidir", - dedi Tay.
Tayning aytishicha, Amerika Qo'shma Shtatlari "amerikalik ishchilar va korxonalarning global raqobatbardoshligini oshirish uchun" mamlakat bo'ylab amerikalik ishchilar va infratuzilmaga sarmoya kiritadi.
U AQSh-Xitoy savdo aloqalarini "chuqur oqibatlar"ga ega masala deb ta'rifladi va Xitoy bilan olib borilayotgan muloqotdan maqsad "savdodagi keskinlikni qo'zg'atmaslik" ekanini aytdi.
“Dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiyot sifatida bir -birimizga qanday munosabatda bo'lishimiz nafaqat bizning ikki mamlakatga, balki butun dunyoga va milliardlab ishchilarga ham ta'sir qiladi", - dedi u.
Dushanba kuni Bayden ma'muriyatining yuqori lavozimli xodimi jurnalistlar bilan muloqotda Xitoy o'zining avtoritar, markazida davlat turuvchi yondashuvini yanada kuchaytirayotganini hamda AQSh ko’targan tizimli xavotirlarga e’tibor qaratmayaotganini aytdi.
Rasmiyga ko’ra, Xitoy o’zgarmasligi mumkin; shu bois AQSh o’zi xohlagan Xitoyning paydo bo’lishini kutmasdan, amaldagi Xitoyga mos strategiyaga ega bo’lishi kerak.