Afg’oniston sobiq prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, Tolibon hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi uchun, avvalo, mamlakat ichida aholining ishonchini qozonishi kerak.
Bu esa afg’on xalqining irodasini ifodalash orqaligina amalga oshadi, deydi u.
Hamid Karzay AQShning Afg’onistondagi harbiy missiyasi tugashidan qariyb ikki o’tib “Amerika Ovozi”ga bergan suhbatida shu haqda gapirdi.
Unga ko’ra, Afg’oniston hozir o’x tarixidagi o’ta muhim bir pallada turibdi va afg’onlar birlashib, “afg’on xalqi irodasini ifodalovchi” hukumat tuzish mas’uliyatiga ega.
“Mamlakat ichida tan olinishning yo’li, albatta yo saylov orqali yoki Afg’onistonning hozirgi holatida Loyi Jirg’ani yig’ib, xalq irodasini ifodalash hamda konstitutsiyani qabul qilish orqali bo’ladi”, - deydi Karzay.
Pokiston
So’nggi prezident Ahraf G’ani Tolibon Kobulni egallashi arafasida mamlakatni tark etdi. Shundan beri Afg’onistonda Tolibon hukumati hukmronlik qilmoqda, ammo biror davlat hali uni rasman tan olgani yoq.
Tolibonning yaqin hamkori sifatida ko’rilayotgan Pokiston ham guruhni tan olgani yo’q, lekin mamlakat yetakchilari, jumladan, Bosh vazir Imron Xon va Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Quraysh xalqaro hamjamiyatni Tolibon bilan ishlashga undab kelmoqda.
“Agar biz hozir Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’ysak, oldinda ulkan gumanitar inqiroz bo’y ko’rsatib turibdi va bu nafaqat Afg’onistonning qo’shinlari, balki hamma uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, - dedi Imron Xon sentabrda o’tgan BMT Bosh assambleyesi yig’inida.
“Biz Afg’oniston xalqi uchun hozirgi hukumatga kuch berishimiz, barqarorlashtirishimiz kerak. Tolibon nimani va’da qildi? Ular inson huquqlarini hurmat qilishni, inklyuziv hukumat tuzishni, bu tuproqning terrorchilar tomonidan ishlatilishiga yo’l qo’ymasliklarini aytmoqda”, - deya qo’shimcha qildi Xon.
Tolibon ayollar va boshqa fuqarolik erkinliklarini cheklash hamda islom shariatining keksin talqiniga amal qilishi bilan taniqli. Xalqaro hamjamiyat Tolibonni hokimiyatga kelishi ortidan o’z va’dalarining ustidan chiqmaganlikda ayblamoqda.
Karzayning aytishicha, Pokiston afg’on xalqining fikrini ifodalamaydi.
“Bizga birodar Pokistonga aytadigan gapim shuki, ular Afg’oniston namoyandasi bo’lishga urinmasin. Aksincha, bu mamlakat bizning yurtimiz bilan do’stona aloqa o’rnatishga harakat qilsin”, - deydi u.
Sobiq prezident Karzay va undan keyin mamlakatni boshqargan Ashraf G’ani Pokistonni Afg’oniston ichki ishlariga aralashayotganlikda tez-tez ayblab kelgan. Ularga ko’ra, Afg’onistonga xuruj qilgan ko’plab terrorchilar Pokiston tuprog’ida tayyorgarlikdan o’tgan. Islomobod bu ayblovlarni inkor qiladi.
IShID tahdidi va mintaqaviy hamkorlik
Karzay Afg’onistonda IShID tarmog’ining kuchayayotganidan xavotirda. Bu esa nafaqat Afg’oniston, balki butun mintaqa uchun tahdid, deydi u.
So’nggi haftalarda Kobul, Qunduz va Qandahor viloyatlarida yuz bergan bir qator terror xurujlarida 100 dan ortiq odam qurbon bo’ldi. Hujumlar uchun mas’uliyatni IShID-Xuroson guruhi o’z zimasiga oldi.
Karzayning umid qilishicha, mintaqa davlatlari terrorga qarshi kurashda Afg’onistonga yordam beradi. Chunki bu tahdid barchaga birdek xavf solmoqda, deydi u.
Ayollar huquqlari
Ayollarning ish joylariga, universitet va maktablarga qaytishi muhim, deydi Afg’oniston sobiq prezidenti. Bunga ehtiyoj xalqaro hamjamiyat talab qilgani uchun emas, balki afg’on xalqining o’zida xohish-istak kuchligi bois mavjud.
“Afg’on ayollarining ishlash va mamlakatimizning barcha jabhalarida hozir bo’lish huquqi afg’on xalqining talabi. Xalqaro hamjamiyat so’ramagan taqdirda ham bu bizning, afg’onlarning talabi va ehtiyojidir”, - deydi u.
Karzay ayni paytda oilasi bilan Kobulda istiqomat qiladi. U ikki qiz va bir o’g’ilning otasi. Qizlarim va o’g’lim o’qimishli bo’lishini xohlayman, deydi sobiq prezident.
“O’g’lim eng yaxshi ta’limni olishini xohlayman. Ham bu yerda, ham xorijda oq’ib, eng sifatli ta’limga ega bo’lsin. Qizlarim eng yaxshi bilimni olsin. Bu yerda o’qib, vaqti kelganda xorijda ham tahsil olsin va o’z orzu-havaslarini amalga oshirsin. Ularning orzu-havaslari butun afg’on xalqining orzusidir”, - deydi Hamid Karzay.