O’zbek tilining qadri: prezident va jurnalist misolida

Til bayrami munosabati bilan davlat rahbarining xalqqa  yo’llagan tabrigida o’zbek tilining qadri tobora oshib borayotgani ta’kidlanadi.   

“Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz”, - deyiladi tabrikda.

O’zbek tilining qadri, xususan, uning davlat tili maqomidagi o’rni aynan keyingi yillarda jiddiy tushib ketayotganini “Amerika ovozi” bilan suhbatlashgan mutaxassislar bir necha bor ta’kidlashgan.

Ammo, prezident Mirziyoyev boshqacha ishonchda:

“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin”, - deyiladi prezident tabrigida.

30 yillar muqaddam o’zbek muxolifati, ziyolilarining o’zbek tili himoyasi uchun uyushtirgan namoyishlari, noroziliklari bosimi ostida qabul qilingan bu qarorga prezident Mirziyoyevning ham, o’sha paytdagi rahbar Islom Karimovning ham aloqasi deyarli bo’lmagan. Shavkat Mirziyoyev o’zbek tilining qadriga doir tarixiy farmonlar, qarorlar qabul qilganini iddao qilayotgan bo’lsa-da, tilshunoslar bu boradagi yagona tarixiy qaror o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bo’lib qolayotganini e’tirof etishadi.

Bu tarixiy qarordan 30 yildan ko’p vaqt o’tibdiki, o’zbek tili hamon o’z maqomini to’liq tiklay olmadi. Ammo, uning qadri yuksalayotganiga doir bayonotlar qilish, turli qaror, farmonlar qabul qilish davom etmoqda, hatto bu qarorlarning tarixiyligi ham iddao qilinyapti.

“Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda” deb davom etadi o’z tabrigida davlat tili rivoji uchun “tarixiy farmon va qarorlar” imzolagan prezident Mirziyoyev.

Prezidentning bu tabrigi tantana bilan xalqqa taqdim etilar ekan, Toshkentdagi matbuot anjumanida davlat tilini himoya qilishga jazm qilgan jurnalistga hukumat doiralari tomonidan jiddiy tahdid, bosimlar uyushtirilgani ma’lum bo’ldi.

Poytaxtda O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan til bayrami munosabati bilan uyushtirilgan matbuot anjumanida Kun.uz nashri jurnalisti Ilyos Safarov Oliy Majlis deputatidan o’zbek tilida gapirishni so‘rashi ortidan jiddiy bosimlar ostida qolgani, hatto oila a’zolariga nisbatan tahdidlar bo’lgani haqida bayonot qildi.

Ilyos Safarovning bosimga olinishiga sabab bo’lgan voqea shu yilning avgust oyida Oliy Majlis deputati Elena Babenko ishtirokida o’tgan matbuot anjumanida sodir bo’lgan edi.

Deputatdan o’zbek tilida ma’ruza qilishni so’ragan Safarovning talabi qanoatlantirilmagan. Aksincha, jurnalistdan rus tilida savol berish so’ralgan edi.

Avgust oyida sodir bo’lgan bu mojaro ortidan davlat tili haqidagi qonun talablarini buzgan deputatga emas, jurnalistga nisbatan bosim, tahdidlar uyushtirilgani prezident Mirziyoyev tabrigida o’zbek tili qadri haqida keltirilgan balandparvoz gaplarning haqiqatdan ancha uzoqligini ko’rsatadi.

Ilyos Safarovning matbuot anjumanidagi chiqishidan anglanilishicha, ichki va tashqi bosimlar ostida qolgan jurnalist, ayniqsa bu bosimga Rossiya matbuoti ham qo‘shilishi ortidan, Davlat tilini rivojlantirish departamentiga yordam so’rab murojaat qilgan. Davlat tili rivojlanishiga mas’ul departament bosim ostidagi jurnalistga ko’mak ham, qo’llov ham ko’rsatmagan.

Ammo, prezident Mirziyoyev bu departament faoliyatini samarali baholaydi:

“Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi samarali faoliyat ko‘rsatib, g‘oyat muhim bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda”.

O’zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi qonun 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan. Ammo, o’zbek tili hamon o’z maqomini tugal tiklay olmagani siyosiy irodaga bog’liq masala ekanligi ta’kidlab kelinadi.