Amerikada 3-4 yoshli bolalar jamoat maktablariga bora olishi uchun lotereyada ishtirok etadi. Lotereyada yutgan bolalar bog’chaga bepul borsa, yana boshqalari xususiy bog’chaga borishga, ota-onalari pul to’lashga majbur. Amerikada bog’chalar narxi yiliga bir necha ming dollardan tortib, bir necha o’n ming dollargacha bor.
AQSh prezidenti Jo Bayden butun Amerika bo'ylab bog'chalar bepul bo’lishini istaydi. Bu reja uning “Build Back Better” dasturiga kiritilgan. Dastur hozir Kongressda ko’rib chiqilmoqda.
“Bog’chalar hamma uchun bo’lsa, imkoniyat hammaga teng degani. Faqat puli borlarga emas ”, - deydi Vashingtondagi “Two Rivers” nomli jamoat maktabi o’qituvchisi Xelen Gasperetti.
Xelen Gasperetti necha yillardan beri 3-4 yoshlilarga saboq berib keladi. Xususiy maktablarda ham, kam ta’minlanganlar maktabida ham ishlagan.
Lekin bog’chalar barchaga birday bepul bo’lishiga qarshilar ham bor.
“3-4 yoshli bolalar uchun ko’proq joy ajratilishini rag’batlantirishga qaratilgan siyosat yuqori sifatli, hamyonbop ta’lim-tarbiya sifatiga ta’sir etishi mumkin. Sifat haqida ham o’ylashimiz kerak, yuqori sifatni ushlab turish uchun esa kamroq bola olish kerak bo’ladi”, - deydi Kalfornia universitetidan olim Dryu Beyli.
Beyli va boshqa mutaxassislarga ko’ra, kam ta’minlangan oilalar uchun bu albatta yaxshi. Tadqiqotlarga ko’ra, bog’chaga borgan bolalar o’rtasida o’rta maktabni tugallagan o’quvchilar ko’proq.
“Uning foydasi keyinroq namoyon bo’lishi mumkin, har bir odam tahsil olishi, har bir odam jamiyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shishi, o’zini shu jamiyatning bir qismi sifatida his etishi mumkin, tashqaridan ichkariga nazar solayotgan odam sifatida emas”, - deydi bog’chaga borishning ijobiy jihatlari haqida gapirar ekan o’qituvchi Gasperetti.
Bayden bir necha oydan beri Kongressni dasturni qabul qilishga undayapti. Amerikaga iqtisodiy jihatdan raqobatchi bo’lgan boshqa yuqori daromadli mamlakatlarda bog’chalar allaqachon bepul.