2014-yilda Vashington shahring bir necha faol va ishbilarmon ayollari yig’ilib, tadbirkor xotin-qizlar tomonidan yuritiladigan bizneslarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan uyushma tashkil etdi. Tashkilot fan va texnologiya sohasida faoliyat yuritadigan ayollarga alohida e’tibor qaratadi. Amerikada bunday sohalarda hali ham erkaklar soni ustun.
“Uyushmaning asosiy e’tibori xotin-qizlar tomonidan yuritiladigan fan va texnologiya yo’nalishidagi notijorat tashkilotlarni qidirib topishga qaratilgan. A’zolik sharti shuki, uyushmaga har yili investitsiya kiritasiz, 1100 dollar. Pulning aksariyati grantlarga beriladi”, - deydi uyushma asoschilaridan biri Jen Delton.
Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, ayollar mamlakatdagi ishchi kuchining teng yarmini tashkil etadi. Lekin fan, texnologiya, muhandislik, matematika yo’nalishlarida faoliyat yurituvchi ishchilarning atigi 27 foizi ayollar hissasiga to’g’ri keladi. 1970-yilda bu ko’rsatkich 8 foizni tashkil etgan. O’sish bo’lsa-da, juda sekin. “Rosie Riveters” tashkiloti tadbirkor ayollar uyushmasidan grant olgan.
Uning dasturi 4 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan qizlarga mo’ljallangan. Fan va texnologiya sohasidagi bilimlarini oshiradi. Shu paytgacha 4000 dan oshiq qizlar unda ishtirok etdi. Dastur asoschisi Britani Grierning aytishicha, tadbirkor ayollar uyushmasidan olgan grant katta yordam bo’ldi.
Uyushmaning 54 doimiy a’zosi bor. Hammasi o’z sohasida muvaffaqiyatga erishgan ayollar. Ular xotin-qizlarning yangi avlodini rag’batlantirish, qo’llab-quvvatlash uchun birlashgan.
“2014-yildan beri 400 000 dollar to’pladik. Shuningdek, 50 000 dollardan ortiq mablag’ga ega fond tashkil etdik. Bu har yili oshib borar ekan, o’zini-o’zi qoplaydi. 2014-yildan beri 3000 qiz va yosh ayollarga yordam berdik, 15 dan ortiq notijorat tashkilotlar bilan ishladik” - deydi ishbilarmon ayol.
Delton ayollarning faol ishtirokisiz taraqqiyotga erishish mumkin emas, deb hisoblaydi. Shunday ekan, ayollarni qo'llab-quvvatlash lozim, deydi u.