Hindiston-Markaziy Osiyo sammiti qanday o'tdi?

  • Amerika Ovozi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Markaziy Osiyo liderlari bilan virtual muzokarada. Dehli, 27-yanvar, 2022.

Bosh vazir Narendra Modi tashabbusi bilan birinchi bor tashkil etilgan Hindiston-Markaziy Osiyo sammiti virtual formatda o'tdi. 27-yanvarga belgilangan video anjumanni Modi Dehlidan boshqardi. Markaziy Osiyo liderlari COVID-19 pandemiyasi cheklovlari tufayli Hindistonga bormadi.

Sammitda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev, Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamda Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhamedovlar mehmon sifatida ishtirok etdi.

Oliy darajadagi virtual uchrashuv ko'p tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash masalalariga bag'ishlandi.

Modining ta’kidlashicha, sammit mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun mustahkam poydevor rolini bajaradi.

Shuningdek, kun tartibiga savdo, sanoat kooperatsiyasi, "yashil" iqtisod, innovatsiya va raqamli texnologiyalar, transport va logistika, madaniy-gumanitar almashinuv bo'yicha hamkorlik masalalari ham kiritilgan.

Sammitda uzoq muddatli sherikchilikni mustahkamlashga qaratilgan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.

Tolibon hokimiyatga kelgandan keyin ilk bor o’tayotgan bu xalqaro sammitda Afg’onistondagi joriy vaziyat atroflicha muhokama qilindi. Mamlakatda barcha qatlamlar va etnik guruhlarni ifoda etuvchi inklyuziv hukumat tuzish, ochlik va gumanitar inqirozning oldini olish, terrorchi va ektremistik guruhlar faoliyatiga imkon bermaslik, kollektiv xavfsizlik choralarini joriy qilish masalalari muzokaralar markazida bo’ldi.

Aholisining katta qismini musulmonlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mamlakatlari o’z hududida radikal g’oyalar, ekstremistik faoliyat, narkotik moddalar savdosi jonlanishidan xavotirda. Mintaqaning uch mamlakati – O’zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Afg’oniston bilan umumiy chegaraga ega ekani alohida xavotirga molik. Hindiston ham Kashmir hududida separatistik harakatlar alanga olishining oldini olishni istaydi.

Hindiston so’nggi oylarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlashga muhim e’tibor qaratgan. Noyabr oyida mintaqa vakillari Dehlida Afg’oniston va xavfsizlik masalalari bo’yicha anjumanda ishtirok etgan. Dekabr oyida Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar vazirlari uchrashgan edi.