Xo’ja Toga va Olga Aleksandrova Nyu-Yorkka o’qishga kelib, shu yerda turmush qurishgan. Muhojirotdagi yangi hayotning ilk kunlaridan beri ular birga.
Turkmanistonda umidli mutaxassis sanalgan Xo’ja va Olga okean ortiga bolalikda tanlagan mutaxassisliklari bo’yicha o’qib malaka oshirishgan. O’z sohalarida faoliyatlarini davom ettirishmoqda, xususiy kompaniyaga asos solishgan.
“Hozir ancha yengil bo’lgan. Lekin biz kelgan davrda ozchilik bo’lganimizdan albatta qiynalganmiz. Bizni hech kim bilmasdi. Turkmanistondanmiz desak biroz ma’lumoti borlar u O’zbekistondan pastroqda joylashganmi deyishar, bilmaganlar bu Pokiston yoki Eron deb o’ylashardi. Umuman olganda, ko’pchilik yer yuzida bunday davlat va xalq borligi haqida tasavvurga ega emas edi”, - deydi Olga Aleksandrova.
“Men bu yerga kelganimda talaba edim. Haligacha o’z to’yimizni o’tkazmaganmiz. Chunki u zamonlarda menga qiyin bo’lgan.Yetarlicha mablag’im bo’lmagan. Atrofimda yordam beradigan do’stlarim ham bo’lmagan. Bu yerda yashaydigan turkmanlar soni barmoq bilan sanarli edi. Xudoga shukr, hozir ko’payganmiz”, - deydi Xo’ja Toga.
Aleksandrova Turkmanistonning Ashxobod shahridan, dekorator. Amerikaga 17 yil oldin kelgan. To’y va tantanalarni bezatish bilan shug’ullanadi.
“Ishimni kichik to’yni bezatishdan boshlaganman. O’shanda 12 dona vaza va boshqa kichikroq dekoratsiyalarni sotib olgandim. Hammasi kamtarona edi. Vazalarning qolgan uchtasini hamon esdalik uchun uyimda saqlab kelaman.Ular menga biznes faoliyatimni qanday boshlaganimni doim eslatib turadi ”, - deydi u.
“Faoliyatimizni “Divana Art”dan boshlagan bo’lsak, keyinchalik Kolumbiya, Ekvador, Gollandiyadagi fermalardan to’g’ridan-to’g’ri gullarni yetkazishni yo’lga qo’ydik. Hozir Keniya bilan ham kontrakt tuzish arafasidamiz. Bu esa bizning uchinchi korxonamiz. Bizda ko’plab dekoratsiyalar to’planib qolgan. Ular bekor yotmasin deb ana shu fotostudiyani tashkil qildik. Oldinga intilyapmiz”, - deydi Toga.
Ishni boshlaganda bezaklarimizni saqlashga kichkina xona yetgan bo’lsa, deydi Aleksandrova, hozirga kelib ikkita omborxona torlik qilyapti.
“Ko’pchilik bu yerga kelgach bu mamlakatga oshiq bo’lib qoladi. Bu yerdagi imkoniyatlar, erkinlik, tanlash qamrovi kengligi albatta yoqimli. Shuning uchun bu yerga kelganing zahoti tushunasanki, bu sening mamlakating va albatta bu yerda qolib yashashni, ildiz otish, oila qurishni va o’z biznesingni rivojlantirishni istaysan”, - deydi u.
Xo’ja Toganing AQShda yangi biznes boshlayotganlarga maslahati:
“Odamlar sizga ishonch bildira boshlashdimi bilingki, siz muvaffaqiyat qozondingiz. Ko’pgina yangi bizneslar reklamaga katta mablag’ sarflaydi. Biz bunday qilmaganmiz. Ishga sho’ng’ib, halol ishlashga oshiqqanmiz. Masalan, bir mijozga bir narxni berdingizmi, ana shu narxni ushlashingiz kerak. Bir mijozga 50 dollar, boshqasiga 65 dollar desangiz, adolat mezoni buziladi. Bir narxni belgilab olib uni sabr bilan ushlab tursangiz, ishingiz yurishadi. Aks holda, mijozlar o’zaro gaplashganda turli narxni berayotganingiz ayon bo’ladi va sizga ishonch yo’qoladi. Halol bo’lsangiz muvaffaqiyat sizga yor bo’ladi”.