“Boston Celtics” basketbol jamoasi markaziy o’yinchisi Enes Kanter Fridom 11 yildan beri AQSh Milliy Basketbol Assotsiatsiyasi (NBA) musobaqalarida qatnashadi. Maydonda ham, maydon tashqarisida ham faolligi bilan mashhur. Ota-onasi Turkiyadan, o’zi Shveysariyada tug’ilgan. Ota vatani Turkiya hukumati va Xitoy Kommunistik partiyasining ashaddiy tanqidchisi. Turkiya 2017-yilda uning pasportini bekor qilgan va otasini qamoqqa tashlagan. Xitoyning onlayn qidiruv tizimlarida uni topish imkonsiz. Chunki uyg’urlarga nisbatan Pekin hukumatini keskin tanqid qilishni boshlagandan beri nomiga taqiq qo’yilgan.
"Amerika Ovozi" yaqinda NBA futbolchisi bilan suhbatlashdi. Quyida intervyuni qisqartirilgan holda taqdim etamiz.
Savol: Ismingizga Fridom (Ozodlik) nomini ham qo’shgansiz. Albatta, buni ota-onangiz emas, o’zingiz tanlagansiz. Bu ism siz uchun nimani anglatadi?
Javob: 2009 yilda Amerikaga birinchi marta kelganimni eslayman. Men bu yerga basketbol o'ynash va bir vaqtning o'zida maktabga borish uchun kelganman. Esimda, kiyinish xonasida edik va jamoadoshlarimdan biri Amerika prezidentini tanqid qilgandi. Men qo’rqib ketdim, chunki uni endi qamoqqa tashlashadi deb o'yladim.
Men hatto undan “Qo'rqmadingmi?" deb so’radim. U orqasiga o'girilib kuldi va "Bu Turkiya emas" dedi hamda menga so'z erkinligi nimani anglatishini tushuntirishga harakat qildi. Men hali ham juda hayratda edim va bir vaqtning o'zida shuni bildimki, dunyodagi har bir davlat Turkiya kabi emas.
Shuning uchun men “Ozodlik” so'zni o'zimning bir bo'lagimga aylantirmoqchi bo'ldim va uni hamma joyda olib yurishni xohladim. Shuningdek, men u yerdagi barcha yosh bolalar, NBA muxlislari, sport muxlislari erkinlik nimani anglatishini va nega men bu familiyani tanlaganimni o'rganishlarini xohlayman.
Savol: Yaqinda NBAning sobiq yulduzi Yao Ming sizni Xitoyga taklif qildi. Siz uning taklifini qabul qildingiz va ayni paytda uni siz bilan birga mehnat lagerlariga tashrif buyurishga da’vat qildingiz. Sizningcha, Yao Ming bunga rozi bo’ladimi va (Xitoy Prezidenti) Si Zinpin sizga viza beradimi?
Javob: Men borishni juda xohlardim. Men unga, “Propaganda bo’lishini istamayman. Xitoyga hashamatli sayohat uyushtirishning keragi yo’q. Men haqiqiy Xitoyni ko‘rishni va u yerda nimalar bo‘layotganini butun dunyoga ko‘rsatishni istayman”, deb aytdim. Xitoyga borsam, Shinjondagi mehnat lagerlarini ziyorat qilaylik, birga Tibetga boraylik, dedim. Keling, Gonkongga boraylik. Va shundan keyin biz Tayvanga uchib, demokratiya nimani anglatishini ko'rishimiz mumkin.
Men shu gaplarim yozilgan videoni joylashtirishim bilan u (Yao Ming) meni Instagramda bloklaganidan juda hayratda qoldim. Yao Mingga aytadigan gapim: “Xitoy Kommunistik partiyasining qo‘g‘irchog‘i bo‘lishni bas qiling. Kommunistik partiya va Si Zinpinning og'zi bo'lishni bas qiling. Agar siz haqiqiy suhbat qurmoqchi bo'lsangiz, mening qayerda yashashimni bilasiz. Shunchaki, bu yerga keling va biz suhbatlashamiz.
Savol: Odamlar Xitoy qidiruv tizimlaridan foydalangan holda “Enes Kanter Freedom”ni qidirganda, hech qanday natija chiqmaydi. Go'yo siz yo'qdeksiz. Bunga javobingiz qanday?
Javob: Ha, men bunga o'rganib qolganman. Bilasizmi, Turkiyada mening “Twitter” akkauntimga taqiq qo‘yishdi. Butun mamlakat bo‘ylab basketbol o‘yinlarimga senzura qo‘yishgan; qo‘rquvdan mening ismimni senzura qilishadi. Men ularni fosh qilayotganimni bilishadi. Endi Xitoy hukumati xuddi shu narsani qilayotgani menga qo'shimcha kuch berdi, chunki men nima qilayotganimni bilaman. Men qilayotgan ish ularni qo'rqitmoqda.
Buni ham ko'ring NBA o'yinchisi Enes Kanter uyg'urlarni himoya qilib chiqdi
Savol: Inson huquqlari bo‘yicha ochiq gapirish sizning NBA yulduzi sifatidagi hayotingizda qandaydir o‘zgarishlar olib keldimi? Siz jamoa rahbariyati, liga yoki homiylar tomonidan bosimga duch keldingizmi?
Javob: “Erkin Tibet” tuflisini birinchi marta oyog‘imga kiyganimni eslayman. NBAdan ikkita janob bor edi va ular o'yindan oldin zaxira o'rindig'ida oldimga kelib, "Sizdan o'sha tuflini yechishingizni iltimos qilamiz", deb aytishdi. «Men biron bir qoidani buzyapmanmi?» — deb so‘radim. Ular yo‘q deyishdi. Keyin men ularga aytdim: "Boringlar, xo'jayiningizga aytinglar, u kim bo'lishidan qat'i nazar, (NBA komissari) Adam Silver, "Celtics" egasi va kim bilan gaplashsangiz ham, men oyoq kiyimimni yechmayman. Menga taqiq qo‘yiladimi yoki jarima solinadimi, menga farqi yo‘q”.
O'sha o'yin fuqarolik imtihonim oldidan bo'lib o'tdi va men imtihonga tayyorlanayotgan edim. Konstitutsiyada 27 ta tuzatish bor va Birinchi tuzatish bu so'z erkinligi huquqidir. Buni mendan tortib olishlarini xohlamayman.
Savol: Basketbolchi va bir vaqtning o‘zida faol bo‘lish ba’zida qiyinchilik tug’diradimi?
Javob: Bu ortiqcha yuk bo'lishi mumkin, ha. Ammo kun oxirida buni begunoh odamlar uchun qilayotganingizni bilish sizga doimo qo'shimcha umid va motivatsiya beradi. Hamma meni basketbolchi deb o'ylaydi. Ha, men basketbolchiman, lekin men qilayotgan ishim basketboldan ham kattaroq deb o'ylayman.
Men buni juda aniq aytmoqchiman: men siyosat bilan shug'ullanmayman. Ba'zilar shunday deyishadi: siyosatdan uzoqroq turing, asosiy e'tiborni basketbolga qarating. Ammo siyosat va inson huquqlari o‘rtasida katta farq bor.
Men bu odamga ovoz ber, u odamga ovoz berma, demaganman. Men har doim aytaman, biz siyosiy mahbuslarni ozod qilishimiz kerak, bizda inson huquqlari bo'lishi kerak, bizda so'z erkinligi bo'lishi kerak, biz Tayvan yoki Ukraina kabi davlatlarni xabardor qilishimiz kerak. Shunday ekan, men buni basketboldan ham kattaroq deb his qilaman.
Buni ham ko'ring Anqara NBA basketbolchisini terrorchilikda ayblamoqda