AQSh Fazo agentligi NASA “Perseverance” deb nomlangan marsoxod va unga biriktirilgan kichik vertolyot qizil sayyoraga qo’nganining bir yilligini nishonlamoqda.
Bir tonnali apparat yetti oylik parvozdan so’ng Marsga qo’nganida olima Keti Morgan o’z uyida edi.
“Albatta, yutuqni nishonladik, lekin ikki soatlardan keyin ishga kirishib ketdik. Marsoxodni sayyorada o’z vazifalarini bajarishga tayyorlashimiz kerak edi”, - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Qisqacha Persi va Jini deya atalgan mashinalar ikki yil davomida Marsdan tuproq va tosh namunalarini to’playdi. Ular asosida olimlar “Marsda hayot bo’lganmi” degan savolga javob izlaydi. Marsoxoddagi asboblar sayyoraning o’zida haqiqiy sinovdan o’tdi.
“Marsoxod namuna olib, muhrlagani haqida bizga ma’lumot kelganida juda xursand bo’ldik”, - deydi missiya boshqaruvchisi Jessika Samuels.
“Ingenuity” vertolyot-droni, deya qayd etadi NASA, boshqa sayyorada parvoz qilgan birinchi dvigatelli qurilmaga aylandi. Robotlar o’tgan bir yilda Yerga minglab tasvirlar jo’natgan. Ular astronavtlarni Mars missiyasiga tayyorlashda qo’l keladi, deydi muhandislar. NASA taxminan 2030-yilda qizil sayyoraga odam jo’natishni rejalayapti.
Olti g’ildirakli marsoxod va dron sayohatining ikkinchi yilida Ezero krateri atrofini, bir paytlar daryo deltasi bo’lgan joyni tekshira boshlaydi.
Shu hafta Xalqaro kosmik stansiyaga yuk eltayotgan Rossiya raketasi Qozog’istondan muvaffaqiyatli uchirildi.
Qariyb 3 tonna oziq-ovqat, yoqilg’i, suv va boshqa jihozlar ortilgan kema ikki kundan so’ng stansiyaga yetib bordi.
17-fevral kuni esa boshqa bir raketa ilmiy tadqiqotlar uchun mo’ljallangan to’rt kichik sun’iy yo’ldoshni orbitaga yetkaza olmadi. 2016-yilda ochilgan “Astra” kompaniyasi raketasi parvozdan so’ng to’rtinchi daqiqada ishdan chiqqan. Uning qismlari va universitetlarga tegishli sun’y yo’ldoshlar okeanga quladi.
Yana bir xabar… NASA tahlilicha, yaqinda Tonga orollarida ro’y bergan kuchli suvosti vulqoni Yer atmosferasining ionosfera deya atalmish tashqi qatlamini silkitgan.
Ionosferadagi o’zgarishlarni kuzatish tsunamidan ogohlantiruvchi tizim yaratishda qo’l keladi, deydi olimlar. U to’lqin kelishidan bir necha soat oldin ogohlantirish berib, xavf zonasidan odamlarni evakuatsiya qilishga imkon beradi.