Turkiya Iroqda Kurdiston ishchilar partiyasi yoki qisqacha PKK ga qarshi hujumlarini davom ettirmoqda. Amaliyotdan maqsad jangarilarni Iroq Kurdistonidagi bazalaridan siqib chiqarish. Tog’li hududlarda o’rnashib olgan kurdlar Turkiyada kengroq muxtoriyat uchun kurashib keladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, iroqlik kurdlar Kurdiston ishchilar partiyasining Qandil tog’laridagi bazasiga hujumda turk armiyasiga yordam bermoqda.
“Siyosatchilar imo-ishoralar bilan gapiradi. “Qandil - asosiy nishonimiz” degani “Kurdiston ishchilar partiyasidan butunlay qutulmoqchimiz” degan ma’noni anglatadi”, - deydi turkiyalik sobiq diplomat Oydin Seljen.
Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Eron bilan ham chegaradosh Qandil tog’larida o’rnashib olgan kurdlar Turkiyaga raqib bu mamlakatga yordam uchun murojaat qilishi mumkin. O’z hududida isyonchi kurd aholisi bo’lishiga qaramay, kuzatuvchilar Tehron o’tmishda Iroq va Suriya kurdlari orasida tarafdorlariga ega Kurdiston ishchilar partiyasi bilan bir necha bor til topishishga muvaffaq bo’lganini aytadi.
“Eron PKKga 1980-, 1990-yillarda jiddiy madad bergan. Hozir ruslar mintaqada oldingiday faol bo’lmasa-da, Eron ularning o’rnini egallashga harakat qiladi, PKK esa Erondan Turkiyaga qarshi foydalanishda urinib ko’radi”, - deydi Anqaradagi Tashqi siyosat institutidan Husayn Bog’chi.
Kuzatuvchilar Iroqning asosan shialardan iborat Xalq safarbarlik kuchlari PKK kabi guruhlar bilan aloqada ekaniga ishora qiladi.
“Hududdagi barcha guruhlar kattaroq kuch madadiga muhtoj. Bu kuch Turkiya yoki AQSh bo’lishi mumkin. Shundagina tashkilot sifatida omon qolish mumkin”, - deydi Seljen.
Masalan, Suriyada Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador mahalliy kurdlar “Islomiy davlat” jihodchi guruhiga qarshi kurashda Amerika harbiylari bilan hamkorlik qiladi. Damashqqa ittifoqdosh Tehron esa amerikaliklarning Suriyadagi faoliyatiga zarba berishda PKK bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Biroq bunday hamkorlik Erondan muvozanatli bo’lishni talab qiladi.
“Eron va PKK o’rtasidagi hamkorlikni tasavvur qilsa bo’ladi, biroq Tehron bunga qattiq kirishib ketib, Kurdiston ishchilar partiyasining homiysi bo’lishiga va bu bilan Anqara bilan munosabatlarini xavf ostiga qo’yishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Bonn universiteti siyosatshunosi Zaur Gasimov.
Turkiya-Eron aloqalari raqobat va hamkorlikdan iborat, sanksiyalardan holsizlangan Eron iqtisodiyoti Turkiya bilan savdoga muhtoj. Ushbu omillardan xabardor Erdog’an yaqin bir necha haftada Tehronga tashrif buyurishi kutilarkan, islomiy respublikadan kurd jangarilaridan uzoqroq turishni so’rashi mumkin.