"Qahramonlar o'lmaydi" ("Кiборги: Герої не вмирають") badiiy filmi, Donetsk aeroporti haqidagi kartina muallifi Axtem Seytablayev Yangiyo’lda tug’ilgan.
O’zbekistonga surgun qilingan qrim-tatarlar oilasida dunyoga kelgan Seytablayev o’rta maktabni Yangiyo’lda bitirgan. 1990-yillarda Qrimga ko'chgan.
Qrimda u rejissyor va aktyor sifatida shakllandi. Qrim-tatarlar surguni haqida “Xaytarma” filmini yaratdi.
Rejissyor 2014-yilgacha, ya'ni Rossiya ishg’oliga qadar asosan Qrimda ishladi. Rossiya yil boshida Ukrainaga bostirib kirganida u Kiyevda edi.
Ayni paytda Seytablayev hududiy mudofaa jangchisi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda u Ukraina himoyasi uchun kurashishga bel bog'laganini aytdi. Vatani Qrimning ishg’oldan ozod etilishi ham ishonadi.
Seytablayev uchun Qrimga borish ancha xavfli, ammo u yarim-oroldagi qarindoshlari bilan doimiy aloqada. Uning fikricha, sakkiz yil avval sodir bo’lgan ishg’olning har bir kuni Qrim va qirim-tatarlar hayotida xavotirli izlar qoldirmoqda.
Seytablayev O’zbekistondagi hayotini iliq eslaydi. Uning bolalik xotiralari Yangiyo’l bilan bog’liq.
Rejissyor kelajakda O’zbekistonni ziyorat qilish niyatida, mamlakatda yuz berayotgan o’zgarishlardan xabardor, jarayonlarni kuzatib keladi.
“Amerika Ovozi” orqali u O’zbekiston xalqiga o’z minnatdorchiligini bildirdi. Seytablayev O’zbekistonning ozod, mustaqil yurt sifatida rivojlanishiga tilakdosh.