Turkiyaning dezinformatsiyaga oid yangi qonuni faollarda xavotir uyg'otmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

Dezinformatsiya va soxta xabar tarqatishni jinoiy javobgarlikka tortishni ko'zda tutuvchi qonun loyihasi Turkiya parlamentida ovozga qo’yilishi kutilmoqda. U ayni paytda muxolif qarashdagi faollarni ta’qibga olish vositasiga aylanishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Parlamentdagi hukmron partiya tomonidan ilgari surilgan "dezinformatsiya" qonuni qabul qilinsa, yolg'on xabar yoki dezinformatsiya tarqatganlik uchun uch yilgacha qamoq jazosi qo’llanadi.

Qonun doirasida, shuningdek, raqamli ommaviy axborot vositalariga an'anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir xil maqom beriladi. Internet jurnalistlari ham bundan buyon OAV hujjatini olishi va davlat tomonidan beriladigan reklama daromadlaridan foydalanishi mumkin.

Tandiqchilar fikricha, qonun Turkiyada bo‘lajak saylovlar oldidan raqamli ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazish uchun ishlatilishi mumkin. Navbatdagi prezidentlik va parlament saylovlari 2023-yilning iyuniga belgilangan, biroq muxolifat partiyalari navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an buni rad etgan.

“Agar bu qonun loyihasi saylovgacha kuchga kirsa, u ovozlarni o’chirish vositasi sifatida qoʻllanilishidan xavotirdamiz”, - dedi Turkiya progressiv kasaba uyushmalari konfederatsiyasi matbuot ittifoqi rahbari Faruk Eren “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Qonun loyihasida “soxta xabar va yolg‘on xabar” kabi noaniq atamalar mavjud. Hukumat allaqachon uni bezovta qiladigan har bir yangilikni “yolg'on” yoki “asossiz” deb ataydi. Endi ular ushbu qonundan foydalanib, raqamli ommaviy axborot vositalarining ovozini o'chirishga harakat qilishadi”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Buni ham ko'ring Turkiyada "oilaviy qadriyatlar"ga zid teledasturlarga chora ko'riladi

Qonun tarafdorlari esa bu narsa odamlarni "tuhmat, haqorat, nafrat va kamsitish" dan himoya qilish uchun kerakligini aytishadi. Ular, shuningdek, dezinformatsiya bo'yicha bunday qoidalar G'arb davlatlari, jumladan, Qo'shma Shtatlar va Yevropa davlatlari tomonidan ham qo'llanilishini ta'kidlamoqda.

Erdog‘an mansub hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) parlament guruhi raisi o‘rinbosari Mahir Unal milliy televideniyega bergan intervyusida “Shunga o‘xshash qoidalar Yevropada ham joriy etilmoqda”, dedi.

Turkiya ommaviy axborot vositalari huquqlari bo'yicha allaqachon yomon ko'rsatkichga ega bo'lib, Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat ichida 149-o'rinni egallagan. Ro’yxatdagi o’rin qancha past bo’lsa, shuncha noerkin bo’ladi. Hisobotda Turkiya “tanqidchilarni yo‘q qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan vositalardan foydalaniladigan” mamlakat sifatida ta’riflanadi.

Onlayn jurnalistikaning tan olinishi, ammo yangi huquqbuzarliklar

Ba'zi kuzatuvchilar qonun loyihasining ayrim qismlarini Turkiyada matbuot erkinligi uchun to'g'ri yo'nalishdagi qadam ekanini aytmoqda. Masalan, onlayn nashr muxbirlari bundan buyon jurnalist kartasini olishi mumkin. Bu masala shu paytgacha Turkiyada bahsli mavzu bo'lib kelgan.

Buni ham ko'ring Faollar Turkiyada so'z erkinligi yanada cheklanayotganidan xavotirda

Chegara bilmas muxbirlar va AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasining aytishicha, Turkiya hukumati 2018-yildan beri prezidentlik aloqalari boshqarmasi tomonidan boshqarib kelinayotgan press-kartani berish jarayonini siyosiylashtirgan va mustaqil jurnalistlarga bunday kartalar berilmagan.

"Ushbu taklifdagi eng muhim qoidalardan biri raqamli mediani an'anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir xil ko’rish va ularga press-karta olish uchun ariza topshirish imkonini berishdir, - dedi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Anqarada yashaydigan huquqshunos Mustafo Gokhan Teksen. - Bu raqamli mediadagi jurnalistlarni rasmiy ish bilan ta'minlash imkoniyatini beradi".

Boshqa tomondan, Teksenga ko’ra, qonun loyihasidagi ayrim moddalar Turkiya jinoyat kodeksiga yangi jinoyat turlarini qo’shadi.

Istanbul Bilgi universitetining kiberhuquq bo’yicha professori Yaman Akdeniz fikricha, raqamli va an'anaviy ommaviy axborot vositalarini bir xil ko'rsatmalarga bo'ysundirish qog'ozda yaxshi ko'rinadi, lekin aslida bu maxsus jazo qoidalari bilan birga keladi.

“Nafaqat kirishni bloklash va kontentni oʻchirish haqidagi qarorlar yangiliklar veb-saytlariga yuboriladi, balki matbuotga oid qonundagi raddiya berish talabalari ularga ham qo’llanadi”, - dedi Akdeniz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Ommaviy axborot vositalari huquqlari bo‘yicha tahlilchilarni tashvishga solayotgan yana bir masala 29-modda bo‘lib, jamoat tartibini buzuvchi va “qo‘rquv hamda vahima uyg‘otuvchi”, “jamoatchilikni chalg‘ituvchi ma’lumot tarqatgan”lar uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qiladi.

Taklif etilayotgan bu moddada Turkiyaning tashqi va ichki xavfsizligi, jamoat tartibi va sog'lig'i masalalariga ishora qiluvchi matn mavjud.

Akdenizga ko’ra, 29-moddada qonunbuzarliklarga juda keng ta’rif berilgani xavotirli. Agar u qonunga aylansa, bu modda muxoliflar, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga qarshi qo'llanilishi mumkin.

"Biz ilgari mavjud bo'lgan qo'rquv muhitining noaniq ta'riflar bilan kengayishi tufayli jurnalistlar ko'proq o'z-o'zini senzura qiladigan davrga kiryapmiz. Jurnalistlar dezinformatsion jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilishiga guvoh bo’lamiz", - deya qo’shimcha qiladi u.

Prezident Rajab Toyyib Erodg'anning "Twitter"dagi sahifasi

Ijtimoiy tarmoqlar

Qonun loyihasi, shuningdek, dezinformatsiya tarqatgan deb hisoblangan ijtimoiy media kompaniyalari va individual foydalanuvchilar uchun cheklovlar va jazolarni tavsiya qiladi. Bu choralar anonim tarzda axborot tarqatganlarga ham taalluqli.

34-moddaga ko‘ra, ijtimoiy media kompaniyalari Turkiyada shu mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lgan va shu yerda yashovchi vakilga ega bo’lishi shart. Vakillardan kontentni oʻchirish boʻyicha qonuniy talablarga rioya qilishlari va foydalanuvchilar haqidagi shaxsiy maʼlumotlarni topshirishlari talab qilinadi. Buni qilmaslik "xalqaro kompaniyalar uchun taqiqlar, jarimalar va hatto qamoq jazolariga" olib kelishi mumkin.

Akdenizning aytishicha, 2020-yilda qabul qilingan alohida ijtimoiy media qonuni 34-moddaga yo'l ochgan.

Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, deydi Akdeniz, "ushbu qoidalarga rioya qilmagan ijtimoiy media platformalari jazolanadi" va ehtimol davlat tomonidan texnik cheklovlarga duchor bo’ladi.

22-modda davlat reklama daromadlaridan foydalanish huquqini, shu jumladan, Matbuot reklama agentligining jazo choralarini qo'llash va apellyatsiya jarayonini nazorat qilish vakolatlarini qamrab oladi.

Tanqidchilarning aytishicha, 22-moddadagi reklama uchun jazolarni, apellyatsiya jarayonidan qat'i nazar, sudsiz qo'llash imkonini beruvchi taklif, ayniqsa, muxolif gazetalar uchun tahdiddir.

2-iyun kuni parlamentning Raqamli media komissiyasidan kichik o‘zgarishlar bilan o’tgan qonun loyihasi hozirda Adliya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Qonun loyihasi shu oy oxirida ovozga qo‘yilishi kutilmoqda.