Afg’onistonda oxirgi yillardagi urushlar natijasida yuz minglab odamlar o’z uyini tark etgan. Aksar hududlarda urush to’xtaganiga qaramay lagerlar yopilmagan.
Lagerlarda yashayotganlarning deyarli barchasi keksalar, ayollar va bolalar. Xayriya ko’maklarga umid bog’lagan chorasiz insonlar.
Ushbu qochqinlar g’ayriinsoniy ahvolda issiq havoda hasharotlar qamrovida yashamoqda.
“Chodirlarda yashayotganlarning yegulik hech narsasi yo’q. Qattiq, po’panak bosgan non bilan chora-parda qilayapti”, - deydi Amir Muhammad ismli qochqin.
Your browser doesn’t support HTML5
Sog’lom muhitda ta’lim olishi zarur bo’lgan bolalar lagerlarda kun kechirmoqda. Chehralari ma’yus, kelajaklari mavhum.
Bunday lagerlarda kasallanganlar soni talaygina. To’yib ovqatlanmaslik, havo issiqligi, iflosligi salomatlik uchun katta tahdid. Ular orasida og’ir jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirganlar ham bor.
“Amaliyotda bo’lganimdan beri birmuncha go’sht, atala-umoch yeb ko’rganim yo’q. Chodirlarda yashayotganlar gasht-gadoylik qilib topganlaridan bir parcha non, bir piyola choy beradilar. Havo ham issiq”, - deydi lagerda yashayotgan ayol.
Mazkur qochqinlar urushlar natijasida yaqinlarini yo’qotgan. Ba’zilari sobiq harbiylarning oila a’zolari.
“Birgina o’g’lim bor edi, u ham shahid bo’ldi. O’g’lim o’lmagan bo’lsa, bu kunlarni ko’rmas edim, - deydi yana bir ayol. - Yeganimiz qattiq non. Bizning yuragimiz ham muloyim non tilaydi”.
Lagerlarda kun kechirayotgan qochqinlar o’z hududlariga qaytishni xohlaydi, sharoit yaratilishini istaydi.
“Bu shaxslar Qo’shtepa, Darzob, Sari Pul, Faryobdan kelgan. Ularning o’z hududlarida uy-joylari ham bor. Erlari, farzandlari vafot etgan. Ketaman desa keta olmaydi, borsa ham 5-6 oy yegulikdan boshqa hech narsasi yo’q”, - deydi mahalla raisi Muhammad Yusuf.
Afg’onistonlik kam ta’minlangan oilalar keng tarqalgan ishsizlik va qammatchilikdan aziyat chekmoqda. Tolibon hokimiyatga kelganidan beri narxlar 90 foiz oshgan.