“Nemis to’lqini” va “Amerika Ovozi”ning turk xizmati Turkiya hukumati tomonidan bloklangan eng so’nggi saytlar bo’ldi. Lekin cheklovlarga qaramay, foydalanuvchilar bloklangan saytlarga qanday kirish yo’llarini biladi.
Turkiyadagi jurnalistlar uchun “Nemis to’lqini” va “Amerika Ovozi” turk xizmati saytlarining bloklanishi kutilmagan hol bo’lmadi.
“Sendika” yangiliklar sayti muharriri Ali Ergin Demirxon 2015-yildan beri saytining bloklanishiga qarshi sudlar bilan olishib keladi.
“Turkiyada senzura, ayniqsa, internetda 2010-yillarda kuchaydi. 2015-yil burilish nuqtasi bo’ldi. “Sendika.org” sayti boshqa 107 sayt qatorida bloklandi”, - deydi Demirxon.
Turkiyada ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi organ litsenziya olish talabiga bo’ysunmagani uchun Germaniyaning “Nemis to’lqini” va “Amerika Ovozi”ning turk xizmati vebsaytlarini bloklash haqidagi sud qarorini ijroga kiritdi.
Buni ham ko'ring Turkiyaning dezinformatsiyaga oid yangi qonuni faollarda xavotir uyg'otmoqdaSaytlarni bloklash bo’yicha Turkiya Xitoy va Eron bilan bir qatorda turadi. Ammo Anqara minglab saytlarni bloklasa-da, internet foydalanuvchilari taqiqlarni qanday aylanib o’tishni biladi.
“2007-yildan beri o’tgan 15 yil ichida hukumat internet qonuniga 18 ta o’zgartirish kiritdi. Bu 18 ta o’zgartirishning barchasi saytlarni taqiqlash yoki to’xatishga qaratilgan, chunki avvalgi urinishlar foyda bermagan. Turkiyaliklar har bir taqiq ortidan uni qanday aylanib o’tish yo’lini, albatta, topadi”, - deydi tahlilchi Fusun Nebil.
“Nemis to’lqini” va “Amerika Ovozi” turk xizmati “Twitter” va “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda o’z sahifalariga ega.
“Tor” kabi foydalanuvchining joyi va kimligini yashiruvchi maxsus brauzerlar orqali saytlarga kirish mumkin.
“VPN” deb ataluvchi maxsus tarmoqlar yordamida ham hukumat taqiqlarini aylanib o’tish mumkin.
“Hukumat barcha “VPN”larni taqiqlashga urindi, bu taqiq hanuz rasman amalda. Ammo “VPN” faqat axborot olish uchun emas, undan bizneslar ham foydalanadi. Shu bois taqiq to’liq ijroga kiritilmadi. O’nlab “VPN” kompaniyalari bor. Men oyiga 4 dollar to’layman”, - deydi ekspert Attila Yeshiloda.
Turkiya rasmiylarining aytishicha, agar “Amerika Ovozi” va “Nemis to’lqini” litsenziya olsa, taqiq bekor qilinadi. Ammo ommaviy axborot vositalariga ko’ra, litsenziya uchun murojaat hukumatning senzura qilishiga ruxsat berish, demakdir.
Buni ham ko'ring Turkiyada "oilaviy qadriyatlar"ga zid teledasturlarga chora ko'riladiBu xavotirda asos bor, deydi o’z saytining qayta ochilishi uchun kurashayotgan Demirxon.
“Taqiqlar bo’yicha rekord ko’rsatkichga egamiz, bizni 64 marta bloklashdi”, - deydi u.
AQSh va Germaniya taqiqlarni qoraladi. AQSh Tashqi aloqalar qo’mitasiga ko’ra, bunday chora demokratik qardiyatlarga ziddir.
Ammo Anqara nazarida, qonun ustuvorligi demokratiyaning muhim sharti.
Cheklovchi choralarga qaramay, ko’plab turkiyaliklar mavjud texnologiyalar yordamida bloklangan saytlarga kirishda davom etmoqda.