Belarus, Qozog’iston, Ukraina va Qoraqalpog’iston oxirgi bir yil ichida birin-ketin inqirozli, favqulodda vaziyatlarni boshdan kechirgan hududlar hisoblanadi. Urush davom etayotgan Ukrainadan tashqari, boshqalar inqirozni bir qadar bartaraf qilishga muvaffaq bo’ldi.
Diqqatlisi, Belarus, Qozog’iston, O’zbekiston ham g’alayonlar ortida tashqi kuch turganiga doir iddaolar bilan chiqdi, ammo ulardan birortasi tashqi kuchning aniq manzilini ko’rsatgani yo’q.
Nafaqat rasmiylar, balki ekspertlar ham bu davlatlarni larzaga solgan ommaviy noroziliklar ortida tashqi kuchlar turganini haqiqatga yaqin hisoblashadi.
Sharhlovchilar rasmiylardan farqli o'laroq, bu g’alayonlardan kim manfaatdorligi, natijalar kimning manfaatiga xizmat qilayotgani haqida o'z qarashlarini ochiq oshkor qilmoqda.
Belarusda o’tgan yirik namoyishlar ortidan Prezident Lukashenko Rossiyaning, Prezident Vlamidir Putinning eng sodiq ittfoqchisiga aylandi. Qozog’istondagi noroziliklar ham shunday natijadan xoli emas, g’alayonlar bostirilishidan so’ng Prezident Qosimjo'mart To’qayev Vladimir Putinni asosiy xaloskor sifatida e’tirof qilib chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tashqi kuchlar ko’magida amalga oshirilgani aytilayotgan Qoraqalpog’istondagi noroziliklar rasmiy Toshkent, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatida qanday o’zgarishlar yasashi hozircha aniq emas, deydi kuzatuvchilar.
Belorus, Qozog’iston, Ukraina va Qoraqalpog’istondagi voqealar bo’yicha o’z qarashlariga ega qozoq muxolifatchisi, sharhlovchi Erjan Turg’umboyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qoraqalpog’iston voqealaridan ko’zlangan maqsad Mirziyoyev hokimiyatini tizginga solish bo’lgani aniq, yaqin vaqt noroziliklar ortida turgan tashqi kuch o’z maqsadiga qanchalik erishganligini ko’rsatadi.
Erjan Turg’umboy: Belarusda, shu yil yanvarda Qozog’istonda o’tkazilgan maxsus amaliyotlar Ukrainadagi bugungi voqealarga borib taqaldi. Putinning maqsadi Sovet Ittifoqini tiklash, avvalo, uchta slavyan davlatlari Rossiya, Belarus, Ukraina miqyosida. Qozog’iston ham tabiiy bu ittifoq, Rossiya doirasidan tashqarida bo’lishi mumkin emas. Ya’ni Belarus, Qozog’iston va Ukrainada kuzatilgan amaliyotlar o’zaro uzviy bog’liq. Iyun oyida esa O’zbekistonda, Qoraqalpog’istonda noroziliklar yuzaga keltirildi. Buning ortida ham Rossiya turganiga ishonaman. Bu masala Jirinovskiy tomonidan ham bir necha bor ko’tarilgan, qoraqalpoqlar o’zbek hukumati ustidan unga shikoyat bilan ham chiqishgan edi. Asosiy maqsad Mirziyoyevni Putinga bo’ysundirish.
Buni ham ko'ring Qoraqalpog'istonda favqulodda holat nihoyasiga yetdiAmerika Ovozi: O’zbekistonda shundoq ham Mirziyoyev Putinga bo’ysunuvchi prezident ekanligiga doir qarashlar mavjud, yana qo’shimcha bosim o’tkazishga qanday zarurat bor?
Erjan Turg’umboy: Putin Mirziyoyev mustaqil siyosat yuritishga, G’arb bilan aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotganini ko’rib turibdi. Bu unga yoqmaydi. Masalan, Qozog’istonda ham mamlakatni 30 yil rossiyaparast prezident boshqardi. Lekin vaqti kelgandan keyin Nazarboyev o’rniga Putining roziligi bilan To’qayev qo’yildi. Belarusni olsak, Lukashenko ham bungacha bir qadar mustaqil edi, turli bayonotlar qilib turardi. Lekin Rossiya o’tkazgan amaliyot, Belarusdagi namoyishlar ortidan Lukashenko Putin izmidan chiqmaydigan prezidentga aylandi. O’zbekistonga kelsak, Mirziyoyevning AQSh, Yevropa Ittifoqiga intilayotgani Putinga yoqmayapti, Qoraqalpog’istondagi noroziliklar orqali biz chizgan chiziqdan chiqma ishorasini berdi”.
Amerika Ovozi: Agar Qoraqalpog’istondagi voqealar ortidan Rossiya turgan deb hisoblasak, unda Putin ko’zlagan maqsadiga erishdi deb o’ylaysizmi?
Erjan Turg’umboy: Putin maqsadiga erishadimi, yo’qmi, vaqt ko’rsatadi. Lekin baribir erishadi, chunki Qoraqalpog’iston bosim ko’rsatuvchi dastaklardan bittasi xolos.
Your browser doesn’t support HTML5