Toshkent Rossiyada muhojirlarning urushga jalb qilinishiga qanday munosabat bildirdi?

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, 2022-yil, 15-sentabr, Samarqand, O'zbekiston

Rossiyada Ukraina urushi tufayli harbiy safarbarlikning boshlanishi millionlab aholisi muhojirlikda bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlarida jiddiy xavotirlar uyg’otdi.

O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikistonning Rossiyadagi elchixonalari o’z fuqarolarini harbiy xizmatga yollanishdan tiyilishga chaqiruvchi murojaatlar bilan chiqdi.

Bu jarayondan O’zbekiston Bosh prokuraturasi ham chetda qolgani yo’q; u uchinchi mamlakatdagi urush harakatlariga, harbiy amaliyotlarga yollangan fuqarolar 10 yilgacha qamalishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ammo bu ogohlantirishlar Rossiya fuqoroligini olish istagidagi muhojirlarni to’xtatishi qiyinligi aytilmoqda. Chunki Rossiya hukumati bu jarayonni jiddiy soddalashtirgan: bir yillik harbiy shartnoma evaziga muhojirlarga fuqarolik va moliyaviy imtiyozlar va’da qilinmoqda; migratsiya markazlarida harbiy bo’limlar ochilmoqda.

Ayni paytda Rossiyadagi o’zbekistonlik muhojirlar soni 3 million atrofida baholanadi. Ular orasida fuqarolik olish niyatidagilar kam emasligi inobatga olinsa, Ukrainadagi urushda o’zbekistonliklar soni ko’payishini kutish mumkin.

Buni ham ko'ring G'arbning Rossiyada qisman safarbarlik e'lon qilinishiga munosabati

Muhojirlar huquqlari himoyachisi, huquqshunos Botirjon Shermuhammadga ko’ra, Rossiyada mahbuslarni, hujjatsiz muhojirlarni urushga tortish ancha avval yopiq tarzda boshlangan. Rossiya armiyasining Ukrainadagi so’nggi yirik mag’lubiyati ortidan bu harakatga ochiq tus berildi.

Huquqshunosning ta’kidlashicha, Rossiyada uch million atrofidagi o’zbekistonliklar harbiy safarbarlik nishoniga aylangani hukumatning keskin pozitsiyasini talab qiladi.

“Bu yerda vaziyatni yana bir xavotirli tomoni shundaki, O’zbekiston idoralari muhojirlarni faqat ogohlantiryapti, jinoiy javobgarlik borligi haqida. Aslida biz O’zbekiston hukumatidan keskin pozitsiya kutgan edik, ya’ni urushga jalb qilishni to’xtatish talab qilinishini. Mayli javobgarlik bor, lekin buning nimasi xatarli, nega bormasligi kerak, u yerdagi vaziyat qanday, buni hech kim muhojirlarga tushuntirib bermayapti, faqat ogohlantirish bilan cheklanilmoqda”, - deydi u.

Rossiya Mudofaa vazirligi qisman safarbarlik 300 ming harbiy bilan cheklanishini bildirdi. Ammo safarbarlik haqidagi farmonning maxfiy qismi mudofaa vazirligiga cheksiz imkoniyatlar berishi, qurolli kuchlarga 1 millionga yaqin askarlar jalb qilishni ko’zda tutayotgani ta’kidlanmoqda.

Buni ham ko'ring Bayden: Putinning maqsadi Ukrainani xaritadan o'chirish

Rossiya Mudofaa vazirligi bir millionlik bu qo’shinning ma’lum qismini muhojirlar hisobidan to’ldirmoqchi. Armiya bilan bir yillik shartnoma imzolagan muhojirlarga fuqarolik berilishi qonunchilik darajasida tasdiqlandi.

Ammo muhojirlarning yillik shartnoma ortidan qaysi davlat fuqarosi sifatida qolishi mavhum; ularning bu tanlovgacha omon qolishi yoki qolmasligi bahsli masala.

Botirjon Shermuhammadga ko’ra, Rossiyadagi mehnat muhojirlarining Ukrainadagi urush haqida tasavvurlari cheklangan va asosan, Rossiya OAVlari ma'lumotiga asoslangan.

“Muhojirlarning aksariyati Rossiya propagandasi qurboniga aylangan, Ukraina urushidagi real vaziyatni bilmaydi. Rossiya armiyasini o’ta qudratli hisoblashadi, bu armiyani u yerda gullar bilan kutib olishadi deb o’ylaydiganlar ham bor. Shuning uchun u yerga borib yordamlashib tursak, bu armiya g’alaba qiladi, sog’-salomat qaytib kelamiz deb o’ylashlari mumkin. Ular so’nggi paytda Rossiya armiyasi ko’p hududlarda mag’lubiyatga uchrayotganidan xabarsiz. Buni esa O’zbekiston hukumati qilishi kerak, ya’ni o’z fuqarolariga u yerdagi real vaziyat qanday ekanligini tushuntirib berishi kerak. Faqat o’z fuqarolarini javobgarlikdan ogohlantirish natija bermaydi. O’zbekiston tomonidan munosabat o’ta zaif. Mayli hukumat azaldan Rossiyaga qarshi keskin turolmaydi, ammo nomi chiqib qolgan deputatlar ham sukutda ”, - deydi Botirjon Shermuhammad.

Buni ham ko'ring Putin Ukrainadagi mag'lubiyatni tan oldimi?

Rossiya e’lon qilgan harbiy safarbarlikka munosabat bildirgan Ukraina prezidenti Zelenskiy chaqirilayotganlar biror malakasiz frontga tashlanishi, jang maydonida berayotgan qurbonlari bilan hisoblashmaslik Rossiya armiyasi tanlagan urush usuli ekanligini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti safarbarlikka jalb qilinayotganlarni o’z jonini saqlab qolishga, majburan urush maydoniga tashlangan taqdirda esa ixtiyoriy tarzda asirga tushishga chaqirdi.