Putin MDH liderlarini sarhisob uchun Sankt-Peterburgga yig'di

Rossiya Prezidenti Vladimir Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) davlatlari yetakchilarini norasmiy muloqot uchun Sankt-Peterburg shahriga yig'di. MDH a’zolari yil yakuni, 2023-yildagi rejalar va ko’p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Norasmiy sammitning ochiq qismi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo'mart To’qayevning qisqa chiqishlari bilan kifoyalandi.

Ishtirokchilarning aksariyati o’z mulohazalarini yopiq muhokamaga qoldirishdi. Har holda majlisga raislik qilgan Prezident Putin sammit yopiq tarzda qizg’in munozaralar bilan davom etishiga ishora qildi.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko’ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peteburgdagi amaliy safarida MDH doirasida hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilgan, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo’yicha fikr almashilgan.

Putin tashabbusi bilan deyarli an’anaga aylantirilgan, har safar norasmiy moqomda tashkil etiluvchi bu yig’inni MDH liderlarining yangi yil arafasidagi xos maslahatlashuvi deyish mumkin.

Sharhlovchilar an’anaviy bu uchrashuv MDH miqyosida Rossiya surayotgan tashabbuslar tashviqoti, ehtimoliy qarorlar olinishi uchun qulay maydon ekanligini ta’kidlashadi.

Norasmmiy sammitda ma’ruza qilgan prezidentlar Putin vaTo’qayev rus tili maqomi va targ’ibotini kengaytirish, 2023-yilni MDH miqyosida rus tili yili sifatida belgilash bo’yicha o’z tashabbuslarini bildirib o’tishgan.

MDH liderlari sammitga yig’ilishar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O’zbekiston va Qozog’iston “uch tomonlama gaz ittifoqi” bo’yicha hamkorlikka tayyorligi haqida xabar tarqatdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Mixail Galuzinga tayanilgan bu xabarda, tomonlar “ittifoq” bo’yicha hamkorlikka tayyorligi aytilgan.

“O’zbekistonning bu loyihaga qatnashishi masalasiga kelsak, Vladimir Putin Bishkekda Yevrosiyo ittifoqi sammitidagi chiqishida energetik alyans tuzish bo’yicha ishlar boshlanganini ta’kidlab o’tgan edi”, - degan Galuzin.

Rossiya, Qozog’iston va O’zbekiston ishtirokida energetik ittifoq tashabbusi ilgari surilayotgani Putin va To’qayevning Moskvadagi muzokaralari ortidan ma’lum bo’lgan.

Rossiya ishtirokidagi ittifoq tashabbusi O’zbekiston jamoatchiligida jiddiy munozaralar qo’zg’adi; Energetika vazirligi O’zbekiston “gaz ittifoqi”ga qo’shilayotganiga doir xabarlarni inkor etib ham chiqdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining so’nggi ma’lumoti esa “uch tomonlama ittifoq” masalasi kun tartibidan tushmaganiga, aksincha, bu borada siljishlar borligidan darak bermoqda.

Putin, To’qayev va Mirziyoyev ishtirok etayotgan norasmiy sammit “uch tomonlama gaz ittifoqi” muhokamasi uchun ham qulay fursat sifatida ko’riladi.

O’zbekiston qish boshlanishi bilan jiddiy energetik inqirozni boshdan kechirdi, mamlakatda gaz, elektr energiyasi ta’minoti keskin uzildi.

Gaz ishlab chiqarish, energetik zaxiralar sohasida asosiy ustuvorlik Rossiya kompaniyalari ixtiyorida bo’lgan bir vaziyatda kuzatilgan bu inqiroz hukumatga va Rossiya energetik kompaniyalariga nisbatan ham tanqidlarni keskin kuchaytirdi.

O’zbekiston hukumati energetik siyosatda Rossiya kompaniyalariga bog’lanib qolishda ayblandi; muhokamadagi “uch tomonlama gaz ittifoqi”ga qo’shilish esa bu qaramlikni yanada kuchaytirishidan xavotirlar yuzaga chiqdi.

Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchi Alisher Ilhomovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bugungi vaziyatda energetika, gaz-neft masalasi siyosatga taqalmoqda, ayniqsa, Rossiya misolida.

“Bu ittifoq gaz, energetika bo’yicha hamkorlikka qaratilgan deyilyapti. Aslida unday emas. Shunday ittifoq tuzilsa, u siyosiy maqsadlardan xoli bo’lmaydi. Rossiya energetikadan, gazdan siyosiy bosim yaratib kelayotgan dunyodagi asosiy davlat. Umuman, O’zbekiston uchun Rossiya bilan har qanday ittifoqlardan uzoqda turish manfaatli, ayniqsa, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kuchayib, geosiyosiy vaziyat jiddiy taranglashib borayotgan bir paytda. Qozog’istonga bu ittifoq qanchalik manfaatli ekanligi haqida bir narsa deyish qiyin, ammo O’zbekiston uchun biror naf yo’q. Bu ittifoqning Rossiya qo’lidagi navbatdagi bosim vositasiga aylanishi ehtimoli juda kuchli”, - degan fikrda Alisher Ilhomov.

27-dekabr kuni o’z ishini yakunlashi kutilayotgan MDH sammitidagi muhokamalar hozircha tafsilotli emas. Sovet ittifoqi qulashidan so’ng tashkil topgan MDH tobora siyraklashib bormoqda, ammo tashkilotni tark etish oson emasligi ham kuzatiladi. Sobiq ittifoq a’zolari bo’lgan Gruziya va Ukraina Rossiya agressiyasiga uchrashi ortidan MDHni tark etgan.