Aholisi 37 millionga yaqinlashayotgan O’zbekistonda davlat tili bilan bog’liq muammo hamon dolzarb. Maqomi bekor qilingan rus tili va davlat tili darajasiga ko’tarilgan o’zbek tilining ishlatilishiga doir munozaralar davom etmoqda.
Jamoatchilikni ba’zan to’lqinlantiruvchi bunday munozaralar o’zbek tiliga davlat maqomi berilgan davrlardan buyon, 30 yildirki hanuz davom etadi.
Navbatdagi munozaralar Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi 2023- yil tabrigi, aniqrog’i, tabrikning dastlab ruscha, so’ngra o’zbek tilida o’qilishi ortidan kuzatildi.
Buni ham ko'ring Til haqqoniylik va iroda talab qiladiZiyolilar, blogerlar va faollar mamlakat prezidenti o’z xalqini dastlab rus tilida tabriklaganidan norozi, ayrimlar ochiq, ayrimlar ishoralar bilan Mirziyoyevning rus tiliga ko’rsatgan ehtiromidan g’azabda ekanligini bildirmoqda.
Bu munozaralar orasida Shavkat Mirziyoyev yangi yil tabrigini dastlab rus tilida o’qiganiga Putinning sovg’asi sabab bo’lganiga doir farazlar ham uchraydi.
O’zbekiston rahbari yangi yildan bir necha kun oldin, 26-27-dekabr kunlari Rossiyaga safar qilgan, Putin taklifiga ko’ra uyushtirilgan MDH davlatlarining norasmiy sammitida ishtirok etgan edi.
Prezident Putin sammit doirasida MDH liderlariga, jumladan, Mirziyoyevga ham bayram munosabati bilan uzuk sovg’a qildi.
Tarmoqdagi kinoyali mulohazalarga ko’ra, Mirziyoyev tabrigining dastlab rus tilida o’qilishi Putin sovg’a qilgan shu uzukning kuchiga bog’liq.
Darhaqiqat, har yil o’zbekistonliklarni dastlab o’zbek, so’ngra rus tilida tabriklab kelgan prezident Mirziyoyev bu safar nega an’anani buzgani sababi noma’lum.
Jamoatchilikdagi tanqidlarga qaramasdan prezident devoni tomonidan bu borada biror izoh berilmagani tabrikning bu yil aynan shunday tartibda rejalanganidan darak beradi.
Buni ham ko'ring Putin MDH liderlarini sarhisob uchun Sankt-Peterburgga yig'di
O’zbek jamoatchiligidagi bu munozaralarga zid ravishda yangi yilda rus tili mavqeyi yanada mustahkamlanishini kutish mumkin. Har holda, Sankt-Peterburgdagi norasmiy sammitda 2023-yilni MDH miqyosida rus tili yili sifatida belgilash bo’yicha tashabbuslar olg’a surilgan edi.
Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev tomonidan surilgan tashabbusga Mirziyoyev qarshi bo’lganini taxmin qilish qiyin. Qolaversa, prezident Putin rus tilini rivojlantirish uchun xalqaro tashkilot tuzish tashabbusini qo’llagan MDH liderlariga o’z minnatdorchiligini bildirgani inobatga olinsa.
Ta’kidlash joiz, rus tili mavqeyini ko’tarish tashabbusini surgan prezident To’qayevning o’zi qozog’istonliklarni yangi 2023-yil bilan dastlab qozoq tilida tabriklagan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda Qozog’iston aholisining 15 foizdan ortig’ini ruslar tashkil etishiga qaramasdan To’qayev o’z xalqini dastlab davlat tili - qozoq tilida tabriklaganiga diqqat qaratiladi.
Prezident tomonidan ikki tilda o’qilgan tabrikining qaysi tartibda qo’yilishi o’zbek tili mavqeini belgilashi qiyindir, ammo bu voqeaning davlat tilini rivojlantirish maqsadida tuzilgan til departamenti faoliyati tugatilishi bilan kuzatilgani jiddiy xavotirlarga sabab bo’lgan.
Buni ham ko'ring Davlat tili haqidagi qonun loyihasining taqdiri mavhumHukumat vakilining matbuotga bergan ma’lumotiga ko’ra, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi bu departament prezident farmoniga muvofiq tugatilgan.
O’zbekistonda davlat tili maqomiga doir kechayotgan munozaralar imlo masalasidagi tortishuvlarga o’xshaydi. 30 yillar avval davlat tili maqomiga erishgan o’zbek tili hamon mutlaq rasmiy, siyosiy til darajasiga erishmagan.
Imlo bilan bog’liq vaziyat ham deyarli shunday. 30 yillar avval kirill alifbosidan voz kechib, lotin imlosiga o’tishga qaror qilingan mamlakatda hamon kirill asosiy alifbo sanaladi.
Shu yillar davomida lotin imlosi yozuviga turli o’zgartirishlar kiritildi, lotin imlosiga mutlaq o’tish bo’yicha belgilangan muddatlar bir necha bor o’zgardi.
Umum ta’lim maktablarida lotin imlosida savod chiqargan o’quvchilar o’quv dargohlarini yakunlashi ortidan kirill alifbosida yozish, o’qishni o’rganishga majbur qolgan.
Buni ham ko'ring O’zbek tilining qadri: prezident va jurnalist misolidaO’zbek tilining davlat tili maqomi, o’zbek tili imlosiga doir bahsli vaziyat Islom Karimov davridan Mirziyoyev hokimiyatiga meros qolgan muammolardan sanaladi.
Bu muammo Karimov ortidan hokimiyatga kelgan prezident Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddati davomida yechilmadi, davlat tilini rivojlantirishga doir bir necha qarorlar qabul qilingani, jumladan, ayni paytda faoliyati tugatilgan davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzilganiga qaramasdan.
Ayni paytda Mirziyoyevning ikkinchi, qonunchilikka ko’ra so’nggi prezidentlik muddati yakunlanib bormoqda. Ammo davlat tili, o’zbek tili imlosi bilan bog’liq bahsli, murakkab vaziyat Mirziyoyevdan keyingi hokimiyatga meros qolishi muqarrar ko’rinadi.