Ba’zilar tomonidan Singapur davlat arbobi Li Kuan Yuga qiyoslangan Prezident Shavkat Mirziyoyev Singapur tajribasini o’rganib qaytdi.
O’zbekistondagi energetik inqiroz bois Mirziyoyevning Singapurga rejalangan uch kunlik davlat tashrifi bir kunga tushirildi; tashrif dasturidan eng muhim muzokara va uchrashuvlarga o’rin qoldirilgan.
Tashrif o’z ichiga Singapur Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vazir Li Syan Lun bilan muzokaralar, Singapurdagi yetakchi kompaniyalar rahbarlari, ishbilarmon doiralar bilan uchrashuv, shuningdek, Singapur taraqqiyoti timsoli Lu Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabiga tashrifni o’z ichiga olgan.
Davlat tashrifi uch kundan bir kunga qisqargani, shunga qaramasdan, davlat siyosati maktabidagi uchrashuv safar dasturidan bekor qilinmagani inobatga olinsa, Prezident Mirziyoyev uchun bu maktabda bo’lish muhim ahamiyat kasb etgani ko’rinadi.
Prezident Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi chiqishlarida Singapur tajribasini ko’p tilga oladi. Shuning uchundir, ba’zi mahalliy arboblar Mirziyoyevning O’zbekiston uchun xizmatlarini Kuan Yu faoliyati bilan qiyoslagan edi.
Lu Kuan Yu Singapurni qashshoq mamlakatdan taraqqiyotga olib chiqqan, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashgan davlat arbobi sifatida dunyoga tanilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Korrupsiyani yo’qotmoqchimisiz, ishni eng yaqin uchta do’stingizni qamashdan boshlang, nima uchun ekanligini ular ham, siz ham yaxshi bilasiz”, degan mashhur ibora aynan Lu Kuan Yuga tegishli.
Singapurdagi Lu Kuan Yu davlat siyosati maktabiga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev kadrlar siyosatiga doir tajriba bilan tanishgani xabar qilindi.
“Ma’lumki, Singapur erishgan iqtisodiy va ijtimoiy muvaffaqiyatlarda chuqur o‘ylangan kadrlar siyosati, malakali, mas’uliyatni his etgan va halol rahbar kadrlarni tayyorlashga ustuvor e’tibor muhim o‘rin tutgan. Mamlakatimiz yetakchisi ham o‘z faoliyatining boshidanoq ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratib keladi. Shu ma’noda, Singapurning davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi tajribasini o‘rganish va qo‘llash katta ahamiyatga ega”, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Mirziyoyev Singapurga tashrifidan avval mamlakatdagi energetik inqirozga doir majlis o’tkazgan; bu muammoga doxil ko’rilgan bir qator kadrlarni, jumladan, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevni ishdan olgan edi.
Faollar Prezident Mirziyoyevning kadrlar siyosatiga doir o’zgarishlarini islohot emas, inqirozli vaziyatlardan chiqish, aybni soqit qilish uchun qo’llab kelinayotgan chora sifatida baholamoqda; jumladan, energetik inqirozni bartaraf etishga qaratilgan so’nggi choralarni ham.
Mirziyoyev Singapur tajribasiga birinchi bor murojaat qilayotgani yo’q. Hokimiyatga kelgan dastlabki yillarida, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi chiqishlarida Singapur rivojlanish modelini misol qilib o’tgan edi.
Mirziyoyevning Singapur timsoli Lu Kuan Yuga qiyoslanishi esa nisbatan yaqinda, so’ngi saylovlar ortidan kuzatildi.
Mirziyoyev hukumatidagi o’zgarmas kadrlardan biri – Abdulla Aripov nomzodining bosh vazirlikka qayta tasdiqlanishi jarayonida “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Mirziyoyev hokimiyatga kelgan qisqa davr davomida Kuan Yudan ham ko’proq ishlar, islohotlarni amalga oshirganini aytgan edi.
Islohotlar shiori ostida hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyevning asosiy maqsadlaridan biri korrupsiyaga qarshi kurash bo’ldi. Buning uchun davlat dasturi, o’nlab qaror, farmonlar qabul qilindi, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus agentlik ham tuzildi.
Ammo hozircha buning uddasidan chiqilgani yo’q; korrupsiya miqyosi aksincha kengaygan. Buni Mirziyoyevning o’zi ham ta’kidladi. Energetik inqiroz bo’yicha o’tkazilgan so’ngi majlisda inqiroz sababi amaldorlar o’rtasida urchigan korrupsiyada ham ko’rildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Muxoliflar mamlakatda siyosiy tuzum o’zgarmas ekan, korrupsiya yengilmasligi, rejim poraxo’r amaldorlarni himoya qilishda davom etishini ta’kidlab keladi.
Iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Olloqulov Mirzyoyev hukumati korrupsiyaga qarshi kurashga qodir emasligini aytib kelayotgan muxoliflardan.
Uning ta’kidlashicha, korrupsiya ildizi qayerda ekanligini, mamlakatda kimlar eng yirik korrupsioner ekanligini Prezident Mirziyoyevning o’zi yaxshi biladi, ammo prezidentda bu ildizga bolta urish uchun siyosiy iroda yo’q.
Singapurni korrupsiyadan tozalab, taraqqiyotga ko’targan Kuan Yuning o’z xotiralarida yozishicha, hukumatga kelganida uning oldida ikkita yo’l bo’lgan.
Birinchisi, dunyoning eng boy odamlari ro’yxatidan joy olish uchun davlatni talon-toroj qilib, xalqni qashshoqlikda qoldirish, ikkinchisi xalq xizmatida bo’lib, Singapurni dunyoning eng rivojlangan o‘n davlati safiga qo‘shish.