Politsiyachilar 29 yoshli qora tanli - Tayr Nikolsni do'pposlab o’ldirgani ortidan AQSh qonunchilari va faollari muammolar yechimi borasida bosh qotirmoqda.
"ABC" telekanalida marhum oilasi advokati Ben Kramp politsiya faoliyatidagi yashirin tarafkashlik va irqchilik alomatlariga barham berish to’g’risida so’zladi.
“Institutsional politsiya madaniyati qora tanlilarga qarshi shafqatsiz kuch ishlatishga imkon yaratmoqda”, - deydi Kramp.
Politsiya zo’ravonligining oldini olish choralari haqida so’zlar ekan, demokrat senator Dik Dyorbin umummilliy muhokama lozimligini aytdi.
“Bo’g’ish usullarini qo’llamaslik, asossiz tintuv, politsiya boshqarmalari akkreditatsiyasi muhim, biroq kamlik qiladi”, - deydi u.
"NBC" telekanalida so’zlagan respublikachi qonunchi Jim Jordanga ko’ra, barcha politsiyachilarni birday ayblab bo’lmaydi. Politsiyani federal miqyosda isloh qilish muhim va mushkul.
“Politsiya Nikolsni bo’g’madi, do’pposlashda davom etdi. Trening yoki taqiq lozimmi, bilmayman”, - deydi u.
AQShning eng yirik va uzoq yillik fuqarolik huquqlarini himoya qiluvchi tashkiloti "NAACP" prezidenti Derrik Jonson televideniyeda shu mavzuda gapirib, muammoning yangicha va yaxlit yechimini taklif qildi.
“Vaziyatni yumshatish treninglari va ruhiy salomatlikni moliyalashni kuchaytirishimiz kerak”, - deydi u.
Jonsonning ta’kidlashicha, no’jo’ya xatti-harakatlarni amalga oshirgan politsiyachilar qayd etiladigan federal ma’lumotlar bazasini yaratish, ularning boshqa departamentlarga ishga o’tib ketishiga yo’l qo’ymaydi.