Floridada 22 milliondan ortiq odam yashaydi. Ularning har beshtasidan biri 65 yoshdan oshgan. Nafaqaxo'rlarni, ko'pincha, issiq ob-havo, yashashning nisbatan arzonligi va rang-barang hayot tarzi o’ziga jalb qiladi.
Florida markazidagi “Qishloqlar” deb nomlangan keksalar jamiyatida yashovchi amerikaliklar hali-veri qarilikni tan olish niyatida emas.
"Men raqsga tushishni yaxshi ko'raman va bu yerda har oqshom jonli o’yin-kulgi borligini ko’rdim. Bu menga yoqdi. Bundan tashqari, siz bulardan xohlaganingizcha foydalanasiz", - deydi nyu-jersilik Maykl.
"O'rnimdan turib, bu yerga kelaman. Do'stlarni ko’rib, bir oz raqs tushaman. Ajoyib joylardan biriga borib ovqatlanaman va ertasiga yana shuni qilaman”, - deydi asli pittsburglik Rey.
"Hamma narsa nafaqadagi odamlar nima qilishni xohlashi, o'zlarini qanday his qilishi, ularni nima xursand qilishi, qanday musiqani yoqtirishi va qiziqishlari haqida", - deydi texaslik Denis Molina.
Dunyodagi eng yirik keksalar jamiyatlaridan biri bo'lgan bu markazda 80 mingga yaqin odam yashaydi. Bu yerda golf maydoni, o'nlab klublar hamda turli tadbirlar va jonli o'yin-kulgilarni taklif qiluvchi maydonlar mavjud.
“Odamlar buni keksalar uchun “Disneylend” deb atashadi. Aslida ham shunday. Shunday muhitda yashashni xohlaydigan odamlar bor. Oilalarini birinchi o'ringa qo’yadigan va nabiralarining yonida bo'lishni xohlaydiganlar ham bor”, - deydi nafaqadagi yozuvchi Loren Ritchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu yerdan ko'ra tinchroq joyni qidirayotganlar uchun shtatda yana yuzlab boshqa tanlov imkoniyatlari mavjud.
“Bizda qariyalar markazlari juda ko’p, ular orasidan kimdir o'ziga mosini topadi. Bir joy kimgadir to’g’ri kelmasligi mumkin, lekin boshqasi uni yoqtirishi mumkin”, - deydi ko’chmas mulk agenti Sharon Vuten.
Barbara Uiz Lizburg qariyalar uyini o’ziga munosib joy deb topdi. U iqlim, do'stlik va o'zini qayta kashf etish imkoniyatini qadrlaydi.
“Bu yerda 100 dan ortiq faoliyat turi bor - sport, tasviriy san'at, sahna san'ati va karta o'yinlari. Keksalar, odatda, faqat yoshlarga tegishli bo’lgan ishlarni qilish imkoniyatiga ham ega”, - deydi u.
Devorlar bilan o’ralgan jamiyatda xavfsizlikka ham alohida e’tibor qaratilgan.
“Uyimizda tugmalar bor. Yarim tunda favqulodda vaziyat yuz bersa, tugmani bosasiz va kimdir kelib tekshiradi”, - deydi Barbara.
Buni ham ko'ring Nyu-Yorkda muhojir keksalarga mos ijtimoiy dasturlar yetishmayaptiAmmo har narsaning nihoyasi bor. Floridada nafaqadagi hayotining 30 yilini o’tkazgan Barbara Uiz va uning 90 yoshli umr yo’ldoshi farzandlari yonida bo'lish uchun Meyn shtatiga qaytmoqda.
“Ochig'ini aytsam, siz abadiy sog'lom bo'lolmaysiz. Ahvolingiz og’irlashsa, oilangiz yoningizda bo'lgani yaxshi", - deydi u.
Barbara bundan tushkunlikka tushgani yo’q. 87 yoshida hayotining yangi sahifasini ochayotganidan xursand.