Bu hafta AQSh Davlat kotibi Donald Lu Qirg'iziston va Tojikistonda. Avvalo Bishkekka borgan Lu 24-aprel kuni Prezident Sadir Japarov va Tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev bilan muloqot qilgan.
Uchrashuvlarda asosan ikki tomonlama aloqalar muhokama qilingan.
Japarov amerikalk mehmonga uning tashrifi ijobiy jarayonlardan darak ekanini aytgan.
Bishkekdan Jahon banki va Xalqaro valyuta fondining bahorgi yig'inlariga katta delegatsiya kelib ketgani, erishilgan kelishuvlardan Qirg'iziston rahbariyati mamnun ekani ham bildirilgan.
Respublika AQShdan sarmoya kutmoqda, xususan muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va biznes sektorni kengaytirish uchun.
Japarovga ko'ra, investorlar uchun sharoit yaratiladi va talablar ustida uning hukumati qattiq ishlashga tayyor.
“Iqtisodiyotimizni raqamli texnologiyaga tayangan holda yashillashtirishni xohlaymiz. Tizimimiz kengayishini, innovatsion yo'ldan borishni istaymiz", - degan Qirg'iziston rahbari.
AQSh yetakchi diplomati Bishkek yaqinda Suriyadagi fuqarolarini olib kelganini, xususan 59 odam endi xavfli hududda emasligini ijobiy baholagan.
Bayden ma'muriyati, Luning aytishicha, Bishkek bilan o'zaro manfaatlar yuzasidan yaqindan ishlashni xohlaydi. Iqtisodiy taraqqiyot - shulardan biri, deydi u.
Lu 2018-2021 yillarda Qirg'izistonda elchilik qilgan. U bilan muloqotlarda erkinlik, demokratik rivojlanish, shaffoflik va islohotlar ahamiyati haqida ham gap ketgan.
2022-yildan beri Bishkekda AQShning elchisi Lesli Vigeri bo'lib, u ham Markaziy Osiyo bilan uzoq tajribaga ega diplomatdir.
Amerika hisobotlarida Qirg'iziston endilikda hatto qisman ham erkin emas, deya ta'riflanadi. Matbuot va so'z erkinligi va umuman, inson huquqlari keng toptaladigan tuzumlar qatorida.
Tashqi ishlar vaziri Kulubayev Lu bilan uchrashuvda xavfsizlik va mintaqaviy tashabbuslar borasida ham fikr almashgan. Bishkek, deydi vazir, regional integratsiya tarafdori va bu jarayonlardan chetda qolishni istamaydi.
Amerika hukumati, Lu qayd etishicha, Qirg'izistonga demokratik institutlarni kuchaytirish va fuqaro jamiyatini mustahkamlashda yordamni ayamagan va ko'maklashishda davom etadi.
Lu rasmiylardan tashqari inson huquqlari faollari, biznes doiralar va yoshlar bilan ham alohida tadbirlar o'tkazgan.