O’zbekistonda prezident saylovlari tugashi ortidan, faollarga ko'ra, ta’qiblar kuchaygani ko'zga tashlanmoqda.
Muxolifligini e’lon qilgan “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasi uchun Rossiyada imzo to’plashga ko’maklashgan uch nafar mehnat muhojiri hibsga olingan.
Farhod Umrzoqov, Shokir Jo’rayev va Dildora Mo’minova O’zbekistonga deportatsiya qilinishi kutilmoqda. Ular Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblangan.
Bu voqea o’zbekistonliklar mamlakatda navbatdagi avtokratik rejim, sulolani mustahkamlagani aytilayotgan saylovlarda ovoz berishi ortidan kuzatilyapti.
O’ta silliq uyushtirilgan saylovlar prezident muddatini uzaytirishdan tashqari hech narsani o’zgartirmadi, amaldorlar o’z amalida, muxoliflar tahdid ostida. Mehnat muhojirlari esa, Prezident Mirziyoyev ta’kidlaganidek, qahramonlik ko’rsatishda davom etyapti.
Buni ham ko'ring YXHTga ko'ra, saylov - demokratik imtihon. O'zbekiston undan nega o'ta olmadi?Muxoliflarni yoqlagan muhojirlar qahramonlikka ham loyiq ko‘rilmayapti, ortga qaytarilmoqda. Hukumat faollar O´zbekiston ichkarisidagi muxoliflar uchun imzo berishga jur’at topa olmaydi, degan ishonchda ko’rinadi.
Bir qarashda haqiqatda shunday tuyuladi. Saylov barobarida "Ozodlik" radiosi O’zbekiston Mirziyoyevlar oilasi amirligiga aylanayotganiga doir oz surishtiruvini e’lon qildi.
Dastlabki kunlardayoq milliondan oshiq odam ko’rgan bu surishtiruv xalqni jiddiy junbishga keltirdi, ammo bu to’lqin faqat ijtimoiy tarmoq doirasida, mamlakatdagi real hayot bundan ancha uzoqda.
Odamlar “amirlik o’rnatilayotganiga” ham, siyosatga ham befarq. Buni erkin jamiyat orzusida ko’chalarda yurib odamlardan imzo tilayotgan Xidirnazar Olloqulov tarafdorlari misolida ko’rish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqdagi aksariyat faollar ham partiya va imzolarga doir vaziyatni chetdan kuzatishni ma’qul bilmoqda.
Olloqulovga ko’ra, ijtimoiy tarmoqda junbishga kelayotgan jamoatchilikning aksariyati real hayotda, amaliy ishda ancha zaif, faolliklar tarmoq doirasida cheklanadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ijtimoiy tarmoqda adolatsizlikdan noliyotganlar, liberal qadriyatlar, so’z, e’tiqod erkinligidan bahs qilayotganlar ham o’zgarishlar muxoliflik maydonini yaratishdan boshlanishni yaxshi biladi.
Olloqulov nazarida, mohiyat uning partiyasini qo’llashda emas, mohiyat mamlakatda muxolif fikr, qarashlar uchun rasmiy maydon, haq-huquqqa ega bo'lishda. Bu o’zbek jamiyatidagi so’nggi imkoniyat bo’lishi mumkin.
“Amerika Ovozi” suhbatlashgan, Karimov davrida diktaturaga qarshi kurashgan, so’nggi vaziyatni taassuf bilan kuzatayotgan sobiq siyosiy mahbuslar saylovlar ortidan O’zbekiston ikkinchi turg‘unlikka cho‘kishidan ogohlantirmoqda.