AQSh: Nomzod jozibasi saylovda qanchalik muhim rol o'ynaydi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh tarixining ilk prezidentlik saylovlarida nomzodning xarizmasi unchalik muhim rol o’ynamagan. Ammo bugungi ijtimoiy tarmoqlar davrida nomzodning saylovchilar bilan qanchalik aloqa o'rnata olishi Oq uyga kimning kirishini belgilaydigan darajada muhim ahamiyatga ega.

Jo Bayden va sobiq prezident Donald Trampning har ikkisi saylovchilar bilan o’ziga xos aloqa o’rnatishi ortidan hokimiyatga kelgan edi. Navbatdagi saylov taqdirini ham shunday yondashuv hal qilishi mumkin.

Nutqlardan so'ng Bayden odamlar ichiga kirib, ular bilan suratga tushadi, ba’zilarga bag’rini ochadi.

Trampda esa bosh barmoq ishorasi va raqs harakatlari bor. Prezidentlik davrida, undan oldin va keyin sodir etilgan bir qator jinoyatlar bo’yicha ayblovlar bilan yuzlashayotganiga qaramay, Tramp tarafdorlari safi o’sib borayotganidan faxrlanadi.

Yetakchilarni o’rganuvchi ekspertlarga ko’ra, xarizma faqat chiroyli ko’rinishdangina iborat emas. Muvaffaqiyatli siyosatchilar xabar yetkazishda mohir, deydi Arizona davlat universitetining Jamoatchilik bilan aloqalar maktabi professori Ulrich Jensen.

"Siz o'zingizni ulardan biri sifatida his qilasiz. Jamoaviy o'ziga xoslikni yaratish, qadriyatlarni rag'batlantirish - bularning barchasini bir mujda orqali, mazmunli va qiziqarli tarzda amalga oshirish mumkin”, - deydi u.

Meri Vashington universitetining Yetakchilik va OAV tadqiqotlari markazi direktori Stiven Farnsvortga ko’ra, prezidentlikka nomzodlar qoʻl berib koʻrishish, imo-ishora va doimiy ifodalarini takrorlash orqali dunyoga o’zlarini tanitadi.

“Prezidentlikka nomzodlarni koʻrayotganlarning aksariyati ularning birortasini hayotda uchratmaydi. Ular, shunchaki OAVda ko‘rganlari asosida, bu nomzod yoki boshqa nomzod ularga qanchalik yoqishiga qarab qaror qiladi”, - deydi u.

Farnsvortning aytishicha, Trump va Bayden ularga qarshi chiqmoqchi bo'lganlarga muloqot qilish bo’yicha dars beradi.

“Siz samimiy bo'lishingiz kerak. Menimcha, ularning har ikkisida shu narsa bor”, - deydi u.

Noqulay siyosatchilar samimiy bo'lishni o'rgana olmaydi, lekin ularga nimaga urg'u berish kerakligini o'rgatish mumkin, dedi Trampning Oq uydagi birinchi matbuot kotibi Shon Spayser.

“Siyosatchilar ba’zi masalalarda o’zini noqulay his qilsa, o’zlarini undan olib qochishga urinadi. Tramp esa o’ziga ishonib, o’ylagan va ishongan narsanini ochiq aytardi”, - deydi u.

Bayden tarafdorlari esa uning o’z g’oyalariga doim sodiq qolishiga ishonadi.

"Men sizga hech qachon o’zim ishonmaydigan narsani aytmayman”, - deydi u.

Ommaviy axborot vositalari samimiy bo’lmagan nomzodlarni tezda fosh qilib qo’yadi. Buni ko’rgan saylovchi ulardan osonlikcha voz kechishi mumkin. Bunday holatda har qancha pul sarflab ham ishonchni qayta qo’lga kiritish qiyin.