Xitoy bilan serqirra hamkorlikka ega davlatlarning rahbarlari ayni damda Pekinda uning global tijoriy dasturining 10 yilligini nishonlamoqda.
"Bir kamar, bir yo'l" tashabbusi asosida dunyo bo'ylab infrastruktura bunyod etilib, savdo kengaymoqda, deydi rasmiylar.
Markaziy Osiyo respublikarida 2013-yildan beru 112 yirik loyiha amalga oshirilgan yoki hamon ustida ishlanmoqda.
Qariyb 150 davlatni qoplovchi sarmoyalar uchun Pekin shu kungacha kamida 1 trillion dollar tikkan.
Yangi Ipak yo'li deb ham tamg'alangan va yer yuzining aksar qismini o'z ichiga olishi rejalangan sistema uchun ekspertlar 8 trillion dollar kerak bo'ladi, deya taxmin qiladi.
Qozog'iston bugun Xitoy bilan 16,5 milliard dollarlik yangi shartnomalar imzolagan.
Ikki davlat kompaniyalari xususan texnologiya, kredit-moliya va muqobil energiya kabi yo'nalishlarda yangi investitsion proyektlar boshlaydi.
Birgina temir yo'l sohasida 1,3 milliard dollarlik kelishuv Qozog'istonning bu jabhadagi salohiyatini yangilab, yuzlab yangi uskunalar va ularni ta'mirlash sistemalari bilan ta'minlaydi.
O'zbekiston va Xitoy rahbarlari bugungi muzokarada hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishga kelishib olgan.
Pekindagi tantanaga Markaziy Osiyodagi ikki qo'shnisining rahbarlari kelmadi - Qirg'iziston va Tojikiston.
"Bir kamar, bir yo'l" loyihasiga ko'ra va 2005-yildan beri bu ikki davlat mintaqada eng oz investitsiya olgan.
Qirg'izistonda Xitoy o'tgan 17 yil ichida (2005-2022) jami 850 million dollar, Tojikistonda 1 millard dollar, O'zbekistonda 1,56 milliard dollar, Turkmanistonda 1,8 milliard dollar, Qozog'istonda esa deyarli 20 milliard dollar sarflagan.