Texas shtatida noshirlar va kitob savdosi bilan mashg’ul bizneslar yangi qonundan norozi. Unga binoan har bir adabiyot seksual mazmuniga qarab baholanishi shart.
“BookPeople” – Texas shtatidagi eng yirik kitob do’koni. Mahalliy maktablarni darslik bilan ta’minlaydi.
"Hozirga kelib cheklovlar bilan yuzlashayapmiz", - deydi Sharli Reysek, do’kon rahbari.
“Tasavvur qiling, biz har bir kitobni o’qib, unda jinsiy hayot, seksual mashg’ulotlar va umuman inson jinsiyati bilan bog’liq nimaiki yozilgan bo’lsa, reytingini tuzishimiz kerak. Bu o’ta noxolis yondashuv, keraksiz talab”, - deydi Reysek.
Shu tariqa “BookPeople” va boshqa bizneslar keskin kurash boshlagan. 625 kitob shtat maktablaridan allaqachon man etilgan. Ularni saqlagan, tarqatgan kutubxonalar jazolanadi. Texas bo’ylab o’nlab maskanlar tekshiruv ostida.
Qonun tarafdorlari ham oz emas, xususan “Texas qadriyatlari” degan nohukumat tashkilot. Jonatan Kovi uning yetakchilaridan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Bu qonun bizga juda zarur, aks holda bolalar himoyasiz qoladi. Ularning ma’sumiyatini avaylashimiz kerak. Ota-onalar bolalari nima o’qiyotganini bilsin va bundan xavotirlanmasin. Hukumat va maktab bu borada ularsiz qaror qilmasin”, - deydi Kovi.
Yana bir tarafdor Elizabet Kasl deydiki, seks haqida maktablarga kitob sotadigan do’konlar yo’qotilishi kerak.
“Jinsiy hayot haqida yozilgan adabiyotlar maktablarimizda har qanday yoshdagi bolaga bemalol tarqatiladi. Ulardagi suratlar, hayosiz tasvirlar bolalar ruhiyatini buzadi. Bu kitoblarning mualliflarini mukofotlashadi. Nega biz yosh avlodni buzayotgan odamlarni rag’batlantirayapmiz? Ular bizga zarar keltirib, daromad olayapti axir”, - deydi Kasl.
Kitoblar mazmunini baholashga kim haqli? Qonundan norozilar shunday savolni o’rtaga tashlamoqda. Maktablar, ta’lim tizimi va noshirlar buni hammadan yaxshiroq bilmaydimi? Kitob do’konlari xodimlari kamida 16 yoshda bo’lishi kerak.
Kitob do’koni egasi Valeri Koler fikricha, gap bilimda va dunyoqarashda.
Shu kungacha shakllangan yondashuv va mas’uliyat darajasi bor, deydi u.
Shikoyat hozirda apellyatsiya sudida. Texasda bu qonun 1-yanvardan kuchga kirishi kerak, agar ungacha sud boshqacha qaror qilmasa.