AQShda shifokorlar yetishmasligi, ayniqsa ichki kasalliklar, ruhiy salomatlik va pediatriya kabi birlamchi tibbiy yordam sohalarida xodimlar tanqisligi ko’zga tashlanmoqda. Bu aholi va demografik tendensiyalardagi o’zgarishlar va tizimning buni ko’tara olmasligi bilan bog’liq ekani aytiladi.
Kristen Doll-Vinter Viskonsin shtatining Norzvuds shaharchasida orzusidagi hayotni yashamoqda. Ertalab nonushta tayyorlab, farzandlarini maktabga jo’natadi; so’ng ikki yil avval ochgan Birchvud oilaviy tibbiyot klinikasiga ishga otlanadi.
“Men “Doktor Kuinn, ayol shifokor” serialini tomosha qilib ulg’ayganman; bu ayolni qattiq sevganman. Va men, albatta, aktyor Robin Uilyams bilan emas, doktor Petch Adams bilan aloqa o'rnatdim. Uning ishni qanday tashkillashtirishidan, tibbiy xizmatni qanday berishidan ilhomlanganman. Ertalab soat 6:00 dan yarim tungacha ishlagan paytlarim bo’lardi. Bolalarimni o’rniga yotqizsam, yana qancha ishingiz qoldi, deb so’rashardi”, - deydi shifokor Doll-Vinter.
Endi uning oilasiga ham, bemorlarga ham vaqti bor.
Buni ham ko'ring Oyoq-qo'lidan ayrilgan ukrainlar AQShda davolanib qaytdi“Men “Mayo” klinikasida ishlaganimda o'z bemorlarimni bilardim, lekin menda 3000 ta bemor bor edi. Bu yerda biz ishimizni 6 da yopamiz. Har bir bemor uchun avvalgiga qaraganda besh baravar ko'proq vaqtim bor”, - deydi u.
Buning moliyaviy badali ham bor: daromadi 60 foizga qisqardi. Lekin bemorlar soni 600 ga yetsa, daromadi yana yaxshilanishiga ishonadi. Hozir bemorlari soni 400 ga yaqin.
Klinikadan foydalanish uchun mijozlar har oy 80 dollar a’zolik badalini to'laydi. Bu klinikaga cheksiz tashrif, undan 24 soat foydalanish huquqini beradi. Klinikada o'tkaziladigan rentgen va laboratoriya tekshiruvlariga ham chegirmalar beriladi.
“Farqi juda katta. “Mayo klinikasida to’liq qon tahlili 134 dollar turadi. Bizda 4,5 dollar. Boshqa laboratoriya, rentgen yoki radiologiya tekshiruvlari ham shunaqa”, - deydi shifokor.
Birchvud klinikasi to'g'ridan-to'g'ri tibbiy yordam modeli asosida ishlaydi. Unda imkon qadar sug'urta kompaniyalari ishtirok etmaydi.
AQSh bo’ylab bugun 2000 ga yaqin shunday klinikalar bor.
25 yoshli Rassel Bekon kabi bemorlar uchun bu katta ahamiyatga ega. Uning og'ir mashinasozlik operatori sifatidagi ishi sog'liq sug'urtasini bermaydi.
Buni ham ko'ring AQSh: Tibbiyot tizimidagi irqchilik“Rostini aytsam, meni kasalxonadagi ignalar, shifokorlar, kasallik yoki boshqa narsa emas, balki aynan narxi qo'rqitardi. Ular sizga qanchaga tushishini aytishmaydi — 100 dollar yoki 1500 dollar bo‘lishi mumkin. Bu yutish qiyin bo’lgan achchiq doriga o’xshaydi”, - deydi Bekon.
Lekin 80 dollar u uchun hamyonbop.
“Oyiga sakson dollar to’lash juda hamyonbop. 80 dollarga shu darajada g’amxo’rlik olish mumkinligiga aql bovar qilmaydi”, - deydi u.
Tiana Kristensen kabi bemorlarni o'ziga jalb qiladigan narsa bu parvarish darajasi. U tibbiy sug'urtaga ega, ammo klinikaga a'zolik badalini to'lashga rozi bo’ldi. U ikkinchi farzandiga homilador va bu yerda beriladigan shaxsiy e’tiborni qadrlaydi.
“Avvalgi sog'liqni saqlash tizimi bizga yoqmagan deyolmayman. Ular ajoyib ish qilgan. Yaxshi shifokorlar bor edi. Yaxshi g'amxo'rlik olganmiz. Shunchaki, tizim juda katta va siz qayerdadir e’tiborsiz qolishingiz mumkin”, - deydi Kristensen.
Bu bemor va shifokorga ko'proq qoniqish olib kelishi mumkin, ammo bu kabi kichik klinikalar allaqachon toliqqan tizimga qo'shimcha yuk bo’lishi mumkin.
“Tibbiy yordam ko'rsatishdagi asosiy muammolardan biri bu birlamchi tibbiy yordam mutaxassislarining yetishmasligi. Shifokorlarning katta qismini tashkil etuvchi avlod nafaqaga chiqmoqda”, - deydi tadqiqotchi Robert Berenson.
O’zi ham nafaqadagi shifokor bo’lgan Berenson hozir Shaharsozlik institutida ishlayapti. Uning aytishicha, birlamchi tibbiy yordamni tanlayotgan tibbiyot bitiruvchilari soni ham kamayib bormoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Men bu masalani xususiy tibbiy sug‘urtalovchilar bilan gaplashib, “Nega birlamchi tibbiy yordam shifokorlariga oylikni oshirmaysizlar, bu uzoq muddatda o‘z samarasini beradi”, desam, ularning asosiy javobi shu: “biz uzoq muddatni hisobga olmaymiz”. Xullas, Kongress bu masalaga aralashishi kerak, lekin unday emas. Bu saylovlarni moliyalashtirish va mening tishim o’tmaydigan boshqa masalalar bilan bog’liq”, - deydi Berenson.
Amerikada birlamchi tibbiy yordam ko’rsatuvchi shifokorlarining uchdan ikki qismi katta tibbiyot tashkilotlariga tegishli. Bu tashkilotlarning aksariyatiga esa sug'urtachilar va hatto xususiy sarmoyadorlar egalik qiladi.
“Ko'plab ma'nan jarohatlangan shifokorlar bor. Ular har kuni nimaga ishonishlari va qanday yordam berishni xohlashlari o’rtasida ziddiyat bilan yashaydi. Ular o’zlarini qandaydir darajada tuzoqqa tushib qolgandek his qiladi va hozirgi tizimga qarshi. Va ular yashab qolishlari uchun shunchaki qoidalarga rioya qilishlari kerak”, - deydi doktor Doll-Vinter.
Muntazam kengayib borayotgan yirik sog’liqni saqlash tashkilotlari orasida Doll-Vinter an'anaviy tarzda kichik va mustaqil klinikada tibbiyot bilan shug'ullanish imkoniyatiga ega bo’lganidan xursandligini aytadi.